Mazkur hujjatda referendum o‘tkazuvchi komissiyalar a’zolarining malakasini oshirishni tashkil etish hamda referendum jarayonlari ishtirokchilarining huquqiy madaniyatini va referendum o‘tkazuvchi komissiyalar faoliyatining samaradorligini oshirish ko‘zda tutilgan.
Shuningdek, ushbu kelishuvda Referendum o‘tkazuvchi komissiyalar a’zolarining malakasini oshirishni tashkil etish konsepsiyasining ijrosini ta’minlash va “Bir fuqaro - bir ovoz” tamoyili qoidasini amalda qo‘llashga e’tibor qaratilgan.
Ta’kidlash lozim, joriy yilda o‘tkaziladigan O‘zbekiston Respublikasi referendumi ilk marotaba “O‘zbekiston Respublikasining referendumi to‘g‘risida”gi qonunga kiritilgan yangi qoidalar asosida o‘tkazilishi referendum jarayoni tashkilotchilari va ishtirokchilariga katta mas’uliyat yuklaydi.
Shu munosabat bilan, bo‘lajak referendumni yuqori saviyada tashkil etish, umume’tirof etilgan xalqaro tamoyillar, ilg‘or milliy va xorijiy tajriba asosida o‘tkazish maqsadida referendum o‘tkazuvchi komissiyalar a’zolarining milliy referendum qonunchiligi va amaliyoti hamda xalqaro saylov va referendumga oid standartlar bo‘yicha bilim va amaliy ko‘nikmalarini mustahkamlashda tizimli seminar-treninglarni tashkil etish va ularni ilmiy-metodik jihatdan yanada puxta ta’minlash lozim.
MSK tomonidan mutasaddi vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda referendum o‘tkazuvchi komissiyalar a’zolarining referendum qonunchiligi va ovoz berishda zamonaviy axborot texnologiyalarini qo‘llash bo‘yicha nazariy bilimi hamda amaliy ko‘nikmasini oshirishga qaratilgan seminar-treninglarini tashkil etish va o‘tkazilishini muvofiqlashtirish bo‘yicha respublika shtabi tuziladi.
Davlat boshqaruv akademiyasi, Bosh prokuratura Akademiyasi, Jamoat xavsizligi universiteti, Toshkent davlat yuridik universiteti professor-o‘qituvchilari hamda Axborot texnologiyalari va kommunikasiyalarini rivojlantirish vazirligi mutaxassislari orasidan referendumga oid qonunchilik va amaliyot bo‘yicha yuqori malakali ekspertlar tarkibi shakllantiriladi. Yuqorida qayd etilgan shtablar, ekspertlarning vakolat va vazifalari belgilanadi.
Referendum o‘tkazuvchi komissiyalar a’zolarining referendum qonunchiligi va ovoz berishda zamonaviy axborot texnologiyalarini qo‘llash bo‘yicha nazariy bilimi hamda amaliy ko‘nikmasini mustahkamlashga qaratilgan seminar-treninglarni tashkil etish va o‘tkazish uch yo‘nalishdan iborat bo‘ladi.
Birinchi yo‘nalishda tashkiliy-uslubiy ishlar amalga oshiriladi. Xususan yuqori malakali ekspertlar tomonidan MSK bilan kelishilgan holda seminar-treninglarning o‘quv dasturlari va o‘quv-uslubiy materiallari tayyorlanadi va tasdiqlanadi.
O‘z navbatida respublika shtabi tomonidan – mamlakatning yetakchi oliy ta’lim tashkilotlari professor-o‘qituvchilari orasidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrining har biriga 6-8 nafardan jami 100 nafar respublika trenerlari tarkibi shakllantiriladi. Hududiy shtablar tomonidan – respublikaning 208 ta tuman/shaharlari kesimida seminar-treninglarni tashkil qilish uchun, respublika shtabi tomonidan tayyorlangan reja jadvalida belgilangan miqdorda jami 966 nafar hududiy trenerlar tarkibi shakllantiriladi.
Ikkinchi yo‘nalishda referendum qonunchiligi bo‘yicha hududiy trenerlar va referendum o‘tkazuvchi komissiyalar a’zoligiga nomzodlarni (a’zolarni) o‘qitish tashkil etiladi.
Davlat boshqaruv akademiyasida yuqori malakali ekspertlar tomonidan 100 nafar respublika trenerlari uchun ikki kunlik o‘quv-dasturiga asosan seminar-treninglar o‘tkaziladi. Respublika trenerlari tomonidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar markazlari va Toshkent shahrida 966nafar hududiy trenerlar uchun ikki kunlik o‘quv-dasturiga asosan seminar-treninglar o‘tkaziladi.
Shundan so‘ng, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar, tumanlar va shaharlar Kengashlari tomonidan uchastka komissiyasi a’zoligiga (rais, rais o‘rinbosari, kotib) nomzod sifatida tavsiya etilgan jami 33 ming nafar tinglovchilar ro‘yxati shakllantiriladi.
Hududiy trenerlar tomonidan tuman/shahar markazlarida referendum uchastkalari uchun mo‘ljallangan binolarda 18-24 nafar tinglovchidan iborat shakllantirilgan guruhlar kesimida interaktiv usullarda uchastka komissiyasi a’zoligiga nomzodlar o‘qitiladi.
Uchinchi yo‘nalishda Saylovchilarning yagona elektron ro‘yxati (SYAER) va Saylov jarayonini boshqarish axborot tizimida (SJBAT) ishlash bo‘yicha trenerlar va referendum o‘tkazuvchi komissiyalar a’zoligiga nomzodlarni o‘qitish tashkil etiladi.
Hududlar kesimida SYAER va SJBATda ishlash bo‘yicha 600 nafar hududiy trenerlar tarkibi shakllantiriladi va o‘qitiladi.
Mazkur Konsepsiyani samarali amalga oshirishi referendum o‘tkazuvchi komissiyalar a’zolari hamda referendumga tayyorgarlik ko‘rish va uni tashkil etish jarayonlari boshqa ishtirokchilarining referendumga oid bilim hamda ko‘nikmasining yuksalishi, shuningdek, referendum o‘tkazish amaliyotining takomillashishiga xizmat qiladi.
Markaziy saylov komissiyasi
Matbuot xizmati