Vatanimiz istiqlolga erishganiga bir yil toʻlishi arafasida, 1992-yil 2-iyul kuni, “Oʻzbekiston Respublikasi Davlat gerbi toʻgʻrisida”gi qonun qabul qilingani - ulkan tarixiy voqeadir. Davlatimiz gerbi – davlat suverenitetining, xalqimiz mustaqilligining va ozodligining mustahkam ramzidir.
Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining
5-moddasida “Oʻzbekiston Respublikasi qonun bilan tasdiqlanadigan oʻz davlat ramzlari — bayrogʻi, gerbi va madhiyasiga ega”, deb ramzlarimizning huquqiy asoslari mustahkamlab qoʻyilgan. Mustahkam huquqiy asosga ega boʻlgan bayroq, gerb va madhiyamiz davlatimiz va xalqimiz birligi va hamjihatligining yorqin ifodasidir. Bu birdamlik oʻz erkiga ega xalqimizning koʻnglini togʻdek koʻtarib, faxr-iftixor va gʻurur bagʻishlaydi.
Shu maʼnoda, gerbimiz qabul qilingan qutlugʻ sana munosabati bilan uning taʼrifini, huquqiy asoslari va ahamiyatini yanada astoydil oʻrganamiz. Gerbimizdagi har bir tasvir, chiziq, rang, belgida xalqimiz va Vatanimizning boy tarixiy-maʼnaviy qadriyatlari oʻz ifodasini topgan.
“Oʻzbekiston Respublikasi Davlat gerbi toʻgʻrisida”gi qonunda Gerbimizning tasviriga shunday taʼrif berilgan: «togʻlar, daryolar va soʻl tomoni bugʻdoy boshoqlaridan, oʻng tomoni esa chanoqlari ochilgan gʻoʻza shoxlaridan iborat chambarga oʻralgan gullagan vodiy uzra quyosh zarrin nurlarini sochib turadi. Gerbning yuqori qismida Respublika hurligining ramzi sifatida sakkizburchak tasvirlangan boʻlib, uning ichki qismida yarim oy va yulduz tasvirlangan. Gerbning markazida baxt va erksevarlik ramzi — qanotlarini yozgan Humo qushi tasvirlangan. Gerbning pastki qismida Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bayrogʻini ifoda etuvchi chambar lentasining bantida “Oʼzbekiston” deb yozib qoʻyilgan».
Ushbu qonunga muvofiq, mamlakatimiz fuqarolari, shuningdek Oʻzbekistonda turgan boshqa shaxslar Davlatimiz gerbini hurmat qilishlari shart.
Davlat gerbi tasviri mamlakatimizdagi barcha davlat tashkilotlari binolari, jumladan, Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining muhtasham binosi peshtoqiga oʻrnatilgan. Gerb tasviri muhrlarda va davlat idoralari blankalarida, fuqarolik pasportida, qonunda belgilangan boshqa hujjatlarda oʻz aksini topgan
Mustaqil mamlakatimizda oʻtgan barcha saylovlar va referendumlarda barcha okrug va uchastka komissiyalari binolarining ichiga qonunchilikda belgilangan tartibda, koʻrinarli joyga dalatimiz Bayrogʻi kabi Gerbi oʻrnatiladi. Ovoz berish esa Davlatimiz gimni – milliy Madhiyamiz ijrosi bilan boshlanadi.
Xalqimizning boy tarixi, sharafli buguni va nurafshon kelajagini oʻzida mujassam etgan milliy timsollarimizda inson qadri, erki, ozodligi va huquqlariga yuksak ehtirom mujassamdir.
Barcha yurtdoshlarimizni qutlugʻ sana – mustaqil Vatanimizning Davlat gerbi qabul qilingan kunning
30 yilligi bilan samimiy tabriklaymiz.
Markaziy saylov komissiyasi