• eye Maxsus imkoniyatlar
“Kaskad” uslubida tashkil etilgan oʻquvlar davom etmoqda
06.07.2022
815
Referendum oʻtkazuvchi komissiya aʼzolarining malakasini oshirishni tashkil etish konsepsiyasi asosida olib borilayotgan oʻquv treninglar qizgʻin pallaga kirmoqda.

5–8-iyul kunlari respublika trenerlari tomonidan viloyatlar va Toshkent shahri markazlarida 966 nafar hududiy, shu jumladan 56 nafar zaxiradagi trenerlar uchun ikki kunlik seminar-treninglar boʻlib oʻtadi.

Bunda har bir guruhda tinglovchilar soni 20-25 nafardan taqsimlanadi va respublika shtabi tomonidan ishlab chiqilgan mashgʻulotlar reja-jadvaliga toʻla amal qilgan holda sifatli tashkil etilishi taʼminlanadi.

6-iyul kuni Markaziy saylov komissiyasi Raisi Zayniddin Nizamxodjayev Chirchiq davlat pedagogika instituti hamda Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida tashkil etilgan hududiy seminar-trening mashgʻulotlari qanday olib borilayotgani bilan tanishdi.

Z.Nizamxodjayev oʻz nutqida Oʻzbekiston Respublikasi Referendumi mamlakatimizda amalga oshirilayotgan demokratik islohotlar, yaqin va olis istiqbol uchun belgilab olinadigan strategik taraqqiyotning dasturiy vazifalarini amalga oshirishda muhim ahamiyatga ega ekanligini taʼkidladi.

Qayd etilganidek, katta siyosiy tadbir umumeʼtirof etilgan xalqaro standartlarga rioya etilgan holda oʻtkazilishi koʻzda tutilgan ekan oʻz navbatida, referendum jarayonlarini milliy saylov qonunchiligiga mos tarzda, uyushqoqlik bilan tashkil etish uchun Referendum oʻtkazuvchi komissiyalar aʼzolari hamda referendum ishtirokchilarining bilimi va koʻnikmasi yuqori darajada boʻlishini taqozo etadi.

Taʼkidlash joiz, uch yoʻnalishdagi “kaskad” uslubida, yaʼni yuqoridan quyiga qarab kengayib, takomillashib boradigan yoʻsinda tashkil etilgan ushbu seminar-treninglar ayni koʻzlangan maqsadlarga erishishda muhim ahamiyatga ega. Boshqa hududlardagi kabi, Toshkent viloyatida davom etayotgan oʻquvlarda referendum qonunchiligidagi yangiliklar va ularni amaliyotda qoʻllash masalalari yuzasidan keng tushuntirish ishlari olib boriladi.

Markaziy saylov komissiyasi

Matbuot xizmati