• eye Maxsus imkoniyatlar
Referendum o‘tkazuvchi komissiya a’zoligiga nomzodlarning malakasini oshirish bo‘yicha o‘quvlar hududlarda davom etmoqda
16.07.2022
1473
Joriy yilning 15-16-iyul kunlari Markaziy saylov komissiyasi Kotibiyati rahbari X.Mamatov Samarqand viloyatining Narpay, Ishtixon, Qattaqo‘rg‘on, Oqdaryo, Payariq, Urgut tumanlarida, shuningdek, Qashqadaryo viloyatining Kitob, Shaxrisabz, Yakkabog‘ tumanlari va Qarshi shahrida bo‘lib, referendum o‘tkazuvchi komissiya a’zoligiga nomzodlarning malakasini oshirishga doir o‘quv jarayonlari bilan yaqindan tanishdi.

Bu yil mamlakatimizada bo‘lib o‘tishi kutilayotgan umumxalq referendumini xalqaro standartlarga muvofiq yuqori saviyada tashkil etish va o‘tkazish vazifasidan kelib chiqib, uchrashuvlarda tinglovchilarga referendum jarayonlarini qonunchilikda belgilangan tartibda tashkil etish, referendum ishtirokchilarining ijtimoiy-siyosiy sohaga oid bilimlari va amaliy ko‘nikmalarini yanada oshirishga qaratilgan tavsiya va ko‘rsatmalar berildi.

Samarqand viloyati bo‘yicha 13-21-iyul kunlari shahar va tumanlardagi 3 315 nafar uchastka komissiyasi raisligiga, rais o‘rinbosarligiga hamda kotiblikka nomzodlar hududlar kesimida kichik guruhlarga ajralgan holda o‘qitilishi rejalashtirilgan. Hozirgi kunga qadar 982 nafar tinglovchilar o‘quvlarni yakunlagan va ularning o‘rtacha o‘zlashtirish darajasi 95,1 foizni tashkil etgan.

Shuningdek, seminar-treninglarda tinlovchilarga yaratilgan shart-sharoitlar, o‘quv-uslubiy dasturlar bilan tanishish maqsadida MSKning a’zolari ham hududlarda o‘rganishlar olib bormoqda. Ular tinglovchilarga referendum uchastka komissiyalarni tuzish, ularning faoliyati davomida amalga oshiriladigan eng muhim vazifalari, referendum natijalarini aniqlash hamda bu sohaga taalluqli huquqiy me’yoriy hujjatlardan foydalanish yuzasidan ma’lumotlarni berib borishmoqda.

Ta’kidlash joiz, respublikamiz bo‘ylab davom etayotgan o‘quv mashg‘ulotlari interaktiv usulda tashkil etilib, ishtirokchilar bilan muloqot, o‘zaro fikr va tajriba almashish tarzida o‘tkazilishi yo‘lga qo‘yilgan. Har bir mavzu bo‘yicha savol-javoblar, test sinovlari orqali tinglovchilarning bilimlar mustahkamlanmoqda. Shu bilan bir qatorda, har bir mavzu bo‘yicha Markaziy saylov komissiyasi tomonidan tayyorlangan videodarslar o‘quv jarayonida namoyish etilmoqda.

Referendum o‘tkazuvchi komissiya a’zolarining malakasini oshirishni tashkil etish konsepsiyasi asosida o‘tkazilayotgan o‘quv treninglar Davlat boshqaruv akademiyasi, Toshkent davlat yuridik universiteti, Bosh prokuratura akademiyasi, Jamoat xavsizligi universiteti, professor-o‘qituvchilari hamda Axborot texnologiyalari va kommunikasiyalarini rivojlantirish vazirligi mutaxassislari tarkibida shakllantirilgan yuqori malakali ekspertlar tomonidan olib borilmoqda.

 

Markaziy saylov komissiyasi

Matbuot xizmati