• eye Maxsus imkoniyatlar
Markaziy saylov komissiyasida YXHT/DIIHB delegasiyasi bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi
19.07.2022
1129
Avval xabar berganimizdek, «O‘zbekiston Respublikasi Konstitusiyasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Konstitusiyaviy qonuni loyihasi bo‘yicha respublika referendumi o‘tkazilishi munosabati bilan shu kunlarda YXHT/DIIHB Ehtiyojlarni baholash missiyasi delegasiyasi mamlakatimizga tashrif buyurdi.


Ehtiyojlarni baholash missiyasining tashrifidan ko‘zlangan asosiy maqsad O‘zbekistonda referendum oldi vaziyat va ushbu siyosiy tadbirga tayyorgarlik ko‘rish jarayonlarini baholashdan iborat.

Uchrashuvda DIIHBning ovoz berishning yangi texnologiyalari bo‘yicha katta maslahatchisi Vladimir Misev Markaziy saylov komissiyasi tomonidan bo‘lajak respublika referendumiga tayyorgarlik ko‘rish va o‘tkazish yuzasidan YXHT DIIHB baholash missiyasining o‘z vaqtida taklif qilingani xalqaro saylov standartlari talablarga to‘liq mos kelishini ta’kidladi.

YXHT/DIIHB metodologiyasiga ko‘ra, Ehtiyojlarni baholash missiyasi odatda muayyan saylov yoki referendum boshlanishidan bir necha oy oldin YXHTga a’zo davlatdagi saylovoldi yoki referendum oldi vaziyatni, shu jumladan, ularga tayyorgarlikni baholash uchun yuboriladi.

Bo‘lajak respublika referendumini kuzatish bo‘yicha zarur tadbirlarning turi, shakli, muddati va ko‘lami bo‘yicha ehtiyojlarni baholash missiyasi ishi natijasida taqdim etilgan tavsiyalar asosida YXHT/DIIHB referendumni kuzatish to‘g‘risida qaror qabul qiladi.

Uchrashuvda Markaziy saylov komissiyasi raisi Zayniddin Nizamxodjayev respublika referendumiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha amalga oshirilayotgan sa’y-harakatlar haqida mutaxassislarga ma’lumot berar ekan, Konstitusiyamizni isloh qilish borasida amalga oshirilayotgan izchil islohotlar mamlakatimiz va xalqimiz hayotidagi muhim siyosiy voqea ekanini ta’kidladi.

– Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev joriy yil 20 iyun kuni Konstitusiyani isloh qilish bo‘yicha Konstitusiyaviy komissiya a’zolari bilan bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda konstitusiyaviy islohotlarning to‘rtta ustuvor yo‘nalishiga to‘xtalib, ularning har biri bo‘yicha o‘z takliflarini bildirdi. Prezidentimiz Konstitusiya loyihasini umumxalq muhokamasida ko‘rib chiqish va uni referendum yo‘li bilan qabul qilishni ham taklif qildi, – dedi Z. Nizamxodjayev.

Shu kunlarda «O‘zbekiston Respublikasi Konstitusiyasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Konstitusiyaviy qonuni loyihasi muhokamasi xalqimizning faol ishtirokida qizg‘in davom etmoqda va muhokamalar 1 avgustga qadar davom etadi.

Muloqot chog‘ida O‘zbekistonda barcha jabhalarda, jumladan, saylov tizimida ham mamlakat taraqqiyotining ustuvor yo‘nalishlari, eng yuksak demokratik talablar va xalqaro huquqiy me’yorlarga javob beradigan demokratik islohotlar amalga oshirilayotgani alohida ta’kidlandi.

Xususan, 2022 yil 16 iyundagi «O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qonun bilan bir qator qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilgani saylov qonunchiligidagi so‘nggi yangiliklardan biridir.

Ta’kidlash joiz, Saylov kodeksida 2019 yilgi parlament saylovi yakunlari bo‘yicha YXHT/DIIHB tavsiyalari asosida kiritilgan qator muhim qoidalar o‘z aksini topgan, «O‘zbekiston Respublikasining referendumi to‘g‘risida»gi qonunning ayrim normalari Saylov kodeksi va boshqa hujjatlar asosida muvofiqlashtirilgan.

Qayd etilganidek, bugungi kunda bo‘lajak referendumga tayyorgarlik ko‘rishdagi ustuvor vazifalardan yana biri MSKning normativ-huquqiy hujjatlarini amaldagi qonunchilikka muvofiqlashtirishdan iborat. Komissiyaning so‘nggi majlislarida referendumga taalluqli bir qator muhim huquqiy hujjatlar: Referendum o‘tkazuvchi okrug va okrug komissiyalari to‘g‘risida, referendum o‘tkazuvchi uchastka va uchastka komissiyalari to‘g‘risida, O‘zbekiston Respublikasi referendumida ishtirok etuvchi xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlardan kuzatuvchilar to‘g‘risidagi nizomlar qabul qilindi.

Uchrashuvda referendum o‘tkazuvchi okrug va uchastkalar, referendum komissiyalari ishini to‘g‘ri tashkil etish bo‘lajak referendumning sifati va saviyasiga bevosita ta’sir ko‘rsatuvchi muhim omillardan biri ekani alohida ta’kidlandi.

Shu munosabat bilan Referendum komissiyalari a’zolarining malakasini oshirishni tashkil etish Konsepsiyasi ishlab chiqildi. Konsepsiyaga ko‘ra, qisqa muddatda milliy qonunchilik va referendum amaliyoti, xalqaro standartlar bo‘yicha komissiyalar a’zoligiga nomzodlarning bir yuz qirq ming nafardan ortig‘ining bilim va ko‘nikmalarini oshirish, ularni referendumga oid qonun hujjatlaridagi yangiliklardan xabardor qilish zarur.

Tadbirda Markaziy saylov komissiyasi faoliyati va saylov jarayonlariga axborot-kommunikasiya texnologiyalarini joriy etishni yanada takomillashtirish referendumga tayyorgarlik ko‘rishning yana bir ustuvor yo‘nalishi sifatida qayd etildi.

Shundan kelib chiqib, Axborot texnologiyalari va kommunikasiyalarini rivojlantirish, Ichki ishlar vazirliklari, Davlat personallashtirish markazi, Kadastr agentligi bilan hamkorlikda saylov jarayonlari axborot tizimi va saylovchilarning yagona elektron ro‘yxatini yanada takomillashtirish bo‘yicha amaliy chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Uchrashuv yakunlari bo‘yicha YXHT DIIHB Ehtiyojlarni baholash missiyasi ekspertlari mamlakatimizda saylov qonunchiligi va amaliyotini takomillashtirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlarni ijobiy baholab, bo‘lajak respublika referendumi umume’tirof etilgan xalqaro demokratik tamoyillar asosida yuqori tashkiliy saviyada o‘tishiga ishonch bildirdi.

Markaziy saylov komissiyasi