• eye Maxsus imkoniyatlar
Markaziy saylov komissiyasi Raisi saylov demokratiyasi masalalariga bagʻishlangan Osiyo mintaqaviy forumida ishtirok etdi
11.08.2022
516
Bugun Hindiston Saylov komissiyasi tomonidan virtual platformada “Saylovlarda inklyuzivlik, qulaylik va ishtirokni taʼminlash” mavzusida Osiyo mintaqaviy forumi tashkil etildi. Ikki sessiyada davom etgan forumda saylovlarni boshqarish organlari vakillari hamda yetakchi xalqaro ekspertlar ishtirok etdi.

Forum sessiyalari Inklyuziv saylovlar: chekka hududlarda yoshlar, gender va fuqarolar ishtirokini oshirish, imkoniyatli tanlovlar orqali nogironlar va keksalarning saylovlardagi ishtirokini taʼminlash kabi masalalarga bagʻishlandi.

Xalqaro miqyosdagi tadbirda Markaziy saylov komissiyasi Raisi Z.Nizamxodjayev ikkinchi sessiya moderatori sifatida oʻz maʼruzasi bilan ishtirok etib forumda koʻtarilgan masalalar ayniqsa, saylovlarda nogironlar va keksalar ishtirokini kengaytirish mavzusi oʻta dolzarb va muhim ekanligini, imkoniyati cheklangan fuqarolar, keksalarning ovoz berish jarayonlarida ishtirokini kengaytirish orqali ularning boshqa shaxslar kabi teng huquqli ekanliklarini jamoatchilikka namoyish etishlarida, saylash huquqlaridan foydalanish imkoniyatini yaratishda muhim ahamiyat kasb etishini taʼkidlab oʻtdi.

Taʼkidlanganidek, nogironlar teng huquqli fuqaro sifatida saylovga tayyorgarlik koʻrish bosqichida ham, saylovni oʻtkazish va saylov natijalarini baholashda ham siyosiy jarayonlarda faol ishtirok etishi zarur.

Ushbu sessiya mavzusi doirasida shuningdek, Nepal saylov komissiyasi kotibi oʻrinbosari Kamal Bxattarai, Saylov tizimlari xalqaro jamgʻarmasining Shri-Lankadagi hududiy direktori oʻrinbosari Lashanti Daskon, Maldiv orollarining saylov komissiyasi direktori Ibragim Xafizlarning ham maʼruzalari tinglandi.

Qayd etish joiz, ushbu xalqaro forum qatnashchilari uchun saylovlar davrida ijtimoiy guruh saylovchilarining ishtirokini taʼminlash va kengaytirish boʻyicha tajriba hamda fikr almashishlarida, ayniqsa pandemiyadan soʻng birgalikda saʼy-harakatlar olib borish yuzasidan texnologik yechimlarni muhokama qilishlarida birlashuv maydoni boʻla oldi.

 

Markaziy saylov komissiyasi

Matbuot xizmati