• eye Maxsus imkoniyatlar
O‘QITUVCHILAR VA MURABBIYLAR BAYRAMI MUBORAK BO‘LSIN!
30.09.2022
576

Aziz yurtdoshlar!

Muhtaram ustozlar va murabbiylar!

O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi jamoasi nomidan sizlarni xalqimizning sevimli bayrami – O‘qituvchi va murabbiylar kuni bilan samimiy tabriklayman.

Davlatimiz rahbari taʼkidlaganlaridek, ushbu qutlug‘ ayyomda barchamiz bizga ilm o‘rgatgan, hayot sabog‘ini bergan jonkuyar, fidoyi o‘qituvchi va murabbiylarimizga chuqur hurmat bajo keltirib, chin dildan taʼzim qilamiz.

Yangi O‘zbekistonda taʼlim-tarbiya jarayonlarini yangi, yana-da yuksak pog‘onaga ko‘tarish, o‘qituvchilar va murabbiylarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, pedagoglik kasbining nufuzini oshirish masalalari doimiy eʼtiborda. Bunday yuksak eʼtibor va ulkan g‘amxo‘rlik o‘zining yuksak samaralarini berayotganini barchamiz hayotda ko‘rib, bilib turibmiz.

Ushbu umumxalq bayrami kunlarida o‘qituvchilar, murabbiylar, tarbiyachilar – bir so‘z bilan aytganda - pedagoglar mamlakatimiz milliy saylov tizimining eng jonkuyar faollari ekanini ham alohida taʼkidlagim keladi. 2021-yili o‘tgan Prezident saylovida okrug saylov komissiyalarining tarkibida pedagoglar 33 foizni, uchastka saylov komissiyalarida esa qariyb 52 foizni tashkil etgani buning yaqqol dalilidir.

Mamlakatimizdagi fidoiy o‘qituvchilar va murabbiylarni, barcha yurtdoshlarimizni ushbu shodiyona kun – 1-oktabr  bayrami bilan  chin dildan muborakbod etish bizga alohida mamnuniyat bag‘ishlaydi.

Eng avvalo, ona O‘zbekistonimizdan tinchlik-xotirjamlik, osoyishtalik va farovonlik, ustozlarimizning, barcha yurtdoshlarimizning hayotidan, xonadonidan hech qachon fayz-u baraka, quvonch arimasin. Vatanimiz ravnaqi, xalqimiz farovonligi, yoshlar taʼlim-tarbiyasi yo‘lida olib borayotgan ibratli faoliyatingizda yuksak muvafaqqiyat va omadlar yor bo‘lishini tilaymiz.

Zayniddin NIZAMXODJAYEV, 
O‘zbekiston Respublikasi
Markaziy saylov komissiyasi
Raisi