• eye Maxsus imkoniyatlar
“MDH davlatlarining demokratik saylov standartlari to‘g‘risidagi konvensiyasi: Xalqaro hamkorlik uchun ochiq maydon” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya ishi to‘g‘risida
08.10.2022
669
Xabar qilinganidek, Sankt-Peterburg shahrida (Rossiya Federasiyasi) «MDHning Demokratik saylovlar standartlari to‘g‘risidagi konvensiyasi: xalqaro hamkorlik uchun ochiq maydon» mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi.

2022-yil 7-oktabr kuni xalqaro konferensiya doirasida tantanali yalpi majlis bo‘lib o‘tdi, mazkur yalpi majlisni Bosh kotib, MDH PA Kengashi Kotibiyati rahbari D.Kobiskiy ochib berdi. D.Kobiskiy konferensiya ishida 200 dan ortiq ekspert va olimlar ishtirok etganini ta’kidlab, yalpi majlis o‘tkaziladigan kun aynan 7 oktyabr sanasi etib tanlangani sababiga e’tibor qaratdi – 20 yil avval aynan shu kuni Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligiga a’zo davlatlarda demokratik saylovlar, saylov huquqlari va erkinliklari standartlari to‘g‘risidagi konvensiya qabul qilingan.

Uchrashuv ishtirokchilariga MDH PA Kengashi Raisi, Rossiya Federasiya Kengashi Spikeri V.Matviyenko, MDH Ijroiya qo‘mitasi Raisi S.Lebedev va Rossiya Markaziy saylov komissiyasi Raisi E.Pamfilovalarning qutlovlari o‘qib eshittirildi.

Xalqaro konferensiya ishtirokchilarini Parlamentlararo ittifoq, Markaziy Amerika parlamenti, Shanxay hamkorlik tashkiloti, YeXHT PA, Turkiy tilli davlatlar parlament assambleyasi va boshqa parlamentlararo birlashmalar va xalqaro tashkilotlar kotibiyatlari rahbarlari qutladi.

Yalpi majlisda Armaniston, Belarus, Qirg‘iziston, Rossiya, Tojikiston, O‘zbekiston, Serbiya, Nikaragua, Misr, Markaziy Afrika Respublikasi saylov organlari rahbarlari so‘zga chiqdi.

So‘zga chiqqanlar Konvensiyaning MDHda demokratik taraqqiyotning mustahkam poydevorini shakllantirishdagi muhim rolini ta’kidladilar, chunki saylovlar hokimiyatning qonuniyligi va jamoatchilik roziligini ta’minlovchi asosiy mexanizm hisoblanadi.

O‘zbekiston Markaziy saylov komissiyasi Raisi Z.Nizamxodjayev konferensiya ishtirokchilarini Konvensiya kuchga kirganligining 20 yilligi munosabati bilan tabriklar ekan, Hamdo‘stlik demokratik institutlari o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash va rivojlantirish muhimligiga to‘xtalib o‘tdi. Z.Nizamxodjayev O‘zbekiston tashabbusi bilan tashkil etilayotgan MDHga a’zo davlatlar saylov organlari rahbarlarining Maslahat kengashi saylov jarayonlari samaradorligini oshirishga, saylov organlari o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirishga, barcha Hamdo‘stlik davlatlari manfaatiga xizmat qilishiga ishonch bildirdi.

Xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya yakunlari bo‘yicha tegishli rezolyusiya qabul qilindi.