• eye Maxsus imkoniyatlar
Xalq yozuvchisi bilan uchrashuv
14.10.2022
531
Yana bir haftadan keyin - 21-oktabrda mamlakatimizda O‘zbek tili bayrami kuni keng nishonlanadi. Shu munosabat bilan joylarda ushbu sanaga bag‘ishlangan ko‘plab qiziqarli tadbirlar, jumladan, atoqli adiblar, olimlar va siyosat arboblari bilan uchrashuvlar bo‘lib o‘tmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasida o‘tgan navbatdagi muloqot ham xalqimizning ana shu sevimli bayramiga bag‘ishlandi.

Tadbirda O‘zbekiston xalq yozuvchisi, “Fidokorona xizmatlari uchun” ordeni sohibi,  “Tafakkur” jurnalining bosh muharriri Erkin A’zam jamoa mehmoni bo‘ldi.

Erkin A’zam birinchi va ikkinchi chaqiriq O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining deputati sifatida  endi istiqlolga erishgan davlatimizning ilk milliy qonunlarini ishlab chiqish va qabul qilishga o‘zining munosib hissasini qo‘shgan.

U zamonaviy o‘zbek adabiyotining ko‘zga ko‘ringan vakillaridan.  “Chiroqlar o‘chmagan kecha”, “Otoyining tug‘ilgan yili”, “Olam yam-yashil”, “Javob”, “Bayramdan boshqa kunlar”, “Pakananing oshiq ko‘ngli”, “Kechikayotgan odam”, “Shovqin”, “Yozuvchining bog‘i” kabi o‘nlab roman, qissa va hikoyalari adabiy jamoatchilik tomonidan o‘zbek nasrining yutuqlari sifatida e’tirof etilgan. Dunyoning ko‘plab tillariga tarjima qilingan, asarlarining xalqaro taqdimotlari Gʻarbu Sharqning eng yirik shaharlarida mutaraqqiy olamning atoqli jamoat, fan va madaniyat arboblari, munaqqidlari ishtirokida o‘tkazilgan zabardast adiblar nafaqat Vatanimizda, balki xorijda ham ko‘p emas.

Bugun yozuvchining ijodi mustaqil O‘zbekistonning iqtidorli yosh ijodkorlari uchun o‘ziga xos adabiy maktab bo‘lib xizmat qilmoqda. Asarlari adabiyot va san’at ixlosmandlari tomonidan doimo yuksak qadrlanadi. Ularda ilgari surilgan ezgu g‘oyalar va orzular avlodlarni insonparvarlik, mehr-oqibat va vatanparvarlik ruhida tarbiyalashga xizmat qilmoqda.

Erkin A’zam – ijtimoiy faol ijodkor. Uning teran va o‘tkir publisistikasi, adabiy-falsafiy maqolalari chuqur mantiqiyligi, dolzarbligi bilan o‘quvchilarda doim katta qiziqish uyg‘otadi. Gazeta-jurnallarda, televideniyeda va internet nashrlardagi chiqishlari buni yaqqol ko‘rsatib turibdi.

Tadbirda davlat tilini rivojlantirish, saylov qonunchiligi va amaliyoti, parlament hayoti, ma’naviyat, adabiyot, kitobxonlik kabi mavzularda qiziqarli suhbat bo‘ldi.

 

Markaziy saylov komissiyasining
Matbuot xizmati