Konferensiya davomida global demokratik tanazzulning bugungi holati tahlil qilinib, ushbu hodisaning nazariy izohi, uning namoyon bo‘lishi, tendensiyalari va demokratik tanazzulning global miqyosdagi ta’sirini o‘rganishga oid ma’ruzalar tinglandi.
Demokratik tanazzulning saylov jarayonlariga ta’siri masalalariga alohida e’tibor berildi. Ta’kilanishicha, demokratik tanazzul saylovni boshqarish samaradorligi, jamoatchilik ishtiroki va saylovning adolatligiga ta’sir qilmoqda. Saylovni boshqarish va saylovda manfaatdor tomonlarga taalluqli asosiy masalalarni birgalikda aniqlash, ushbu muammolarni hal etish maqsadida innovasion strategiyalarni ishlab chiqish yuzasidan fikr almashildi.
Shuningdek, konferensiyada, Afrika, AQSH va Osiyo davlatlari misolida, saylov jarayonlarida demokratik tanazzul oqibatlarini yumshatish bo‘yicha qit’a darajasidagi turli tashabbuslar – saylovni boshqarish organlari oldida turgan texnik, operasion va moliyaviy muammolarni hal qilishning innovasion usullari muhokama qilindi.
BMT Taraqqiyot dasturi, Xalqaro demokratiya va saylovga ko‘maklashish instituti (IDEA), Afrikada barqaror demokratiya saylov instituti (YISA), Xavfsizlikni o‘rganish tadqiqot instituti (ISS) vakillarining ma’ruzalarida demokratik tanazzul tufayli yuzaga kelgan holatlarga qarshi kurashish, saylovlarni boshqarish va saylov demokratiyasining barqarorligini mustahkamlash bo‘yicha saylovlarga ko‘maklashuvchi yetakchi agentliklarning amaliy tadqiqotlarining natijalari taqdim etildi.
YXHT DIIHBning Saylovlar bo‘limi, BMTning Siyosat va tinchlik o‘rnatish departamenti hamda boshqa global, qit’a va hukumatlararo tashkilotlarning vakillari ishtirok etgan sessiyada demokratik tanazzul muammosini hal etishda hukumatlararo organlarning ishtiroki masalalari ko‘rib chiqildi. Taqdimotlarda ushbu tashkilotlar guruhi tomonidan barcha qit’alarda rivojlanayotgan demokratik davlatlar va mamlakatlarda inqirozli vaziyatlardan keyin saylov institutlarini mustahkamlashga doir chora-tadbirlar xususida so‘z yuritildi.
Konferensiya unda ko‘tarilgan asosiy masalalarni sarhisob qilish va saylov boshqaruvining barqarorligini oshirish bo‘yicha kelgusidagi chora-tadbirlarga oid takliflarni ilgari surish bilan yakun topdi.