Kuni kecha, 27-oktabr kuni Bishkek shahrida (Qirgʻiziston) YXHT DIIHBning «YXHT DIIHB tavsiyalarini amalga oshirishning ilgʻor amaliyotlari» mavzusidagi davra suhbati boʻlib oʻtdi.
Davra suhbatida Albaniya, Armaniston, Qirgʻiziston, Qozogʻiston, Moldova va Oʻzbekistonning saylov organlaridan vakillar, YXHT DIIHB xodimlari va ekspertlari, shuningdek, fuqarolik jamiyati institutlaridan vakillar ishtirok etdi.
Mazkur tadbirdan koʻzlangan maqsad YXHT DIIHBning saylovlar boʻyicha tavsiyalarini va takliflarni bajarish bilan bogʻliq muammolar va ilgʻor tajribalarni muhokama qilishdan iborat.
Davra suhbati ishtirokchilarini YXHT DIIHB sobiq direktori Odri Glover, Qirgʻiziston Markaziy saylov komissiyasi raisi Nurjan Shayldabekova, DIIHBning saylov boʻyicha katta maslahatchisi Aleksey Gromov qutladilar.
Davra suhbatida saylovlarni kuzatish natijalari boʻyicha DIIHB tavsiyalarini amalga oshirish muhimligi qayd etildi, shu bilan birga, ularni amalga oshirishda ishtirokchi davlatlarga byuroning koʻmaklashishdagi roli taʼkidlandi.
Davra suhbatining birinchi sessiyada Qirgʻiziston, Albaniya va Armaniston saylov organlarining saylov jarayonlariga elektron ovoz berish tizimini joriy qilish, saylovchilarning biometrik identifikatsiyasi va boshqa axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini qoʻllash boʻyicha amaliyotlari muhokama qilindi.
Ikkinchi sessiya saylov jarayonining inklyuzivligini taʼminlash masalalariga bagʻishlandi. Qozogʻiston, Moldova va Oʻzbekiston saylov organlarining amaliyoti tinglandi.
Oʻzbekiston MSK 2021-yilda boʻlib oʻtgan Prezident saylovi misolida saylov jarayonining inklyuzivligini taʼminlashga qaratilgan chora-tadbirlar taqdimotini namoyish etdi.
MSK raisi oʻrinbosari B. Kuchkarov oʻz maʼruzasida YXHT DIIHB bilan faol hamkorlik yoʻlga qoʻyilganligini alohida qayd etdi. Byuroning saylovlarini kuzatish boʻyicha yakuniy hisobotlarida keltirilgan maqbul tavsiyalarini amalga oshirish orqali saylovlarni oʻtkazish boʻyicha milliy qonunchilik bazasini takomillashtirish bilan bogʻliq soʻnggi yillarda amalga oshirilayotgan oʻzgarishlar xususida soʻz yuritildi.
Shuningdek, B.Kuchkarov nogironligi boʻlgan shaxslarning saylovoldi tashviqotida ishtirok etishi uchun yaratilgan zarur shart-sharoitlar, ularning manfaatlarini himoya qilish borasida turli tashkilotlar bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar haqida ham yigʻilganlarga atroflicha maʼlumot berdi.
Mavzuni davom ettirgan MSK aʼzosi G.Rahimova mamlakatimizda xotin-qizlarning saylovdagi ishtirokini kengaytirish tajribasiga toʻxtalib oʻtdi. Saylov huquqlarini amalga oshirishda, shuningdek, saylov organlarini shakllantirishda ayollar va erkaklarning teng huquq va imkoniyatlarini kafolatlash masalalari koʻtarildi.
Davra suhbati yakunida ishtirokchilar Qirgʻiziston MSKda boʻlib, saylov jarayoniga joriy etilgan ilgʻor texnologiyalar taqdimoti bilan tanishdilar.
Markaziy saylov komissiyasi