• eye Maxsus imkoniyatlar
Markaziy saylov komissiyasi Raisi Z.Nizamxodjayev boshchiligidagi O‘zbekiston delegasiyasi vakillari Qozog‘istonga tashrif buyurdi
19.11.2022
458
O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi Raisi Z.Nizamxodjayev boshchiligidagi delegasiya vakillari 20 noyabr kuni o‘tkaziladigan Qozog‘iston Respublikasida Prezident saylovini kuzatish maqsadida Ostona shahriga tashrif buyurdi.

Kuni kecha Qozog‘iston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi raisi Nurlan Abdirov xalqaro kuzatuvchi sifatida tashrif buyurgan O‘zbekiston delegasiyasi vakillari bilan uchrashdi.

Nurlan Abdirov uchrashuv davomida Prezidentlik saylovi yuzasidan olib borilayotgan tayyorgarlik ishlari, xalqaro kuzatuvchilar hamda jarayonlarni yoritishda ommaviy axborot vositalari vakillari uchun yaratib berilgan shart-sharoitlar xususida maʼlumot berib oʻtdi. Xususan, Qozogʻiston Respublikasi hududlarida 10 101 ta saylov uchastkasi tashkil etilgan. Markaziy saylov komissiyasi tomonidan Qozogʻiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi bilan hamkorlikda tayyorlangan oʻquv materiallar asosida 70 ming nafardan ortiq uchastka saylov komissiyalari aʼzolari saylov qonunchiligi boʻyicha kaskad usulida oʻqitilgan. Shuningdek, mazkur akademiya qoshida tashkil etilgan Elaktoral madaniyatni oshirish markazi tomonidan saylov komissiyalari aʼzolaridan tashqari ichki ishlar xodimlari, siyosiy partiyalarning kuzatuvchilarining elaktoral madaniyatini oshirish maqsadida saylov qonunchiligi boʻyicha amaliy seminarlar oʻtkazilgan. Qozogʻistonda oʻtkazilayotgan navbatdan tashqari prezidentlik sayloviga 11 952 485 nafar qozoq fuqarolari saylovchilar roʻyxatiga kiritilgan. 53 ta xorijiy davlatda 68 ta saylov uchastkasi tashkil etilgan.

Uchrashuvdan soʻng, Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi Raisi ishtirokida brifing tashkil etildi va unda Z.Nizamxodjayev Nurlan Abdirov bilan boʻlib oʻtgan uchrashuv tafsilotlari va Oʻzbekiston delegatsiyasi tarkibi xususida toʻxtalib oʻtdi.

Qozogʻiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi tomonidan berilgan maʼlumotlarga koʻra, saylovni kuzatish maqsadida 10 ta xalqaro tashkilot va 35 ta davlatdan jami 641 nafar xalqaro kuzatuvchilar ishtirok etmoqda.

Eslatib oʻtamiz, mazkur saylov mamlakat konstitutsiyasiga muvofiq, 2024-yil 1-dekabrdan kechiktirmay oʻtkazilishi kerak edi. Qozogʻiston Prezidenti Qosim-Jomart Toʻqayev 2022-yil 1-sentyabr kuni Qozogʻiston xalqiga Murojaatnomasida muddatidan oldin prezidentlik saylovlarini 2022-yil 20-noyabrda oʻtkazishni taklif qilgan edi.

Taʼkidlash joiz, saylovda ishtirok etish uchun Ijtimoiy-siyosiy kuchlar xalq koalitsiyasidan, Professional ijtimoiy ishchilar milliy alyansi Respublika jamoat birlashmasidan, “Ovul” Xalq demokratik vatanparvarlik partiyasidan, “Amanat” kasaba uyushmalari respublika jamiyatidan, “Qozoq analari – dasturge jol” respublika jamoat birlashmasidan hamda muxolifatdagi Milliy sotsial-demokratik partiyalaridan 6 nafar nomzod roʻyxatga olingan.