• eye Maxsus imkoniyatlar
MSK ishchi guruhi tomonidan hududlarda olib borilgan taftish ishlari oʻz yakuniga yetdi
06.12.2022
567

Maʼlumki, Saylov kodeksining 14-moddasiga binoan Markaziy saylov komissiyasi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga saylovni oʻtkazish uchun tuziladigan saylov komissiyalari tizimiga boshchilik qiladi, Oʻzbekiston Respublikasining butun hududida ushbu Kodeksning ijrosi ustidan nazoratni amalga oshiradi, uning bir xil tarzda qoʻllanilishini taʼminlaydi. Shundan kelib chiqib, MSK hududlarda Xalq deputatlari viloyat (shahar va tuman) Kengashlariga saylov oʻtkazuvchi saylov komissiyalari tomonidan Saylov kodeksi normalarining bir xilda qoʻllanilishi hamda mahalliy Kengashlarning boʻshab qolgan oʻrinlarga saylovlarni tashkil etish va oʻtkazish amaliyotini oʻrganish ishlarini olib bormoqda.

Taʼkidlash joiz, MSK ishchi guruhi tomonidan 2022-yilning birinchi yarmida Surxondaryo, Qashqadaryo, Fargʻona, Namangan va Andijon viloyatlarida, oktyabr oyi davomida Buxoro va Navoiy viloyatlari hamda noyabr-dekabr oylarida Toshkent, Jizzax va Sirdaryo viloyatlaridagi saylov komissiyalari faoliyati oʻrganildi.

Oʻrganishlar davomida saylov komissiyalari tomonidan Saylov kodeksi normalarining bir xilda qoʻllanilishi hamda mahalliy Kengashlarning boʻshab qolgan oʻrinlariga saylovlarni tashkil etish va oʻtkazish amaliyotini, shuningdek, saylov jihozlarining saqlanish holatiga asosiy eʼtibor qaratildi.

Shuningdek, saylov komissiyalari aʼzolarining shakllantirilganligi, ish hujjatlarining yuritilishi, jumladan saylov komissiyasi reglamenti va unga yangi tahrirdagi Saylov Kodeksi asosida oʻzgartish kiritilganligi, ish rejasi, vazifalar taqsimoti, saylovlarni oʻtkazish muddatlariga rioya qilinishi, kalendar rejasi qabul qilinganligi, uchastka saylov komissiyasini oʻz vaqtida tuzilishi, saylovchilar roʻyxatini tayyorlash, ovoz berish kunini oʻtkazish va natijalarni eʼlon qilishga qadar boʻlgan eng muhim jarayonlar qanday amalga oshirilayotganligi hujjatlar asosida oʻrganildi.

Aniqlangan kamchilik hamda holatlar yuzasidan saylov komissiyalari aʼzolariga koʻrsatma va tavsiyalar berildi.

Taʼkidlash joiz, mazkur oʻrganishlar yakuni va natijalari Markaziy saylov komissiyasining navbatdagi majlislarida ham koʻrib chiqiladi va muhokama etiladi.

Markaziy saylov komissiyasi

Matbuot xizmati