• eye Maxsus imkoniyatlar
Markaziy saylov komissiyasi Raisi Z.Nizomxodjayevning O‘zbekiston Respublikasi Konstitusiyasi qabul qilinganligining 30 yilligi bayrami munosabati bilan tabrigi
08.12.2022
591

Qadrli vatandoshlar!

Markaziy saylov komissiyasi jamoasi barcha vatandoshlarimizni O‘zbekiston Respublikasi Konstitusiyasi qabul qilinganligining 30 yillik bayrami bilan samimiy muborakbod etadi.

Konstitusiyamiz qabul qilingan kundan boshlab yurtimizda demokratik-huquqiy davlat barpo etish, fuqarolik jamiyatini qurish, inson huquqlari, jumladan, fuqarolarning saylov huquqlarini ta’minlashda Asosiy Qomusimiz mustahkam zamin bo‘lib kelmoqda.

Konstitusiya jamiyat hayotida ilk bor insonning ozod va erkin yashash, mulkka ega bo‘lish, ta’lim olish, mehnat qilish, saylash va saylanish kabi huquqlarini, so‘z hamda e’tiqod erkinliklarini oliy qadriyat darajasiga ko‘tardi.

O‘zbekiston Respublikasi Konstitusiyasining har bir moddasi, har bir bandida xalqimizning, har birimizning taqdirimizga taalluqli qoidalar bitilgan.

Va bu qoidalarning amaldagi ijrosini har birimiz o‘z hayotimizda har kuni va har qadamda sezib, ko‘rib, ulardan bahramand bo‘lib turibmiz.

Milliy saylov tizimining shakllanishi va rivojlanishi Bosh Qomusimizning qabul qilinishi bilan bevosita bog‘liqdir. Istiqlol yillarida, ayniqsa, so‘ngi yillarda, milliy an’analarimiz va xalqaro saylov standartlariga binoan davomiy rivojlanib bormoqda.

Mamlakatimiz va xalqimiz hayotidagi muhim siyosiy voqea - milliy Konstitusiyamizni isloh qilish borasida o‘z vaqtida boshlangan izchil ishlar ham ana shunday buyuk o‘zgarishlarga va yuksalishga xizmat qiladi.

Ushbu qutlug‘ kunlarda Sizlarning hayotingizdan tinchlik-xotirjamlik, osoyishtalik va farovonlik, xonadoningizdan esa hech qachon fayzu baraka, quvonch arimasin. Vatanimiz ravnaqi yo‘lida olib borayotgan sa’y - harakatlaringizda yuksak muvaffaqiyatlar va omadlar yor bo‘lishini tilaymiz.

Zayniddin NIZAMXODJAYEV,
O‘zbekiston Respublikasi
Markaziy saylov komissiyasi Raisi