Joriy yil 25-26-may kuni “Muddatidan ilgari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini oʻtkazuvchi komissiyalar aʼzolarining malakasini oshirishni tashkil etish Konsepsiyasi” asosida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovining tashkilotchilari, xususan okrug va uchastka saylov komissiyalari aʼzolarining nazariy bilimlari va amaliy koʻnikmalarini mustahkamlash uchun respublika trenerlarini tayyorlash maqsadida ikki kunlik oʻquv dasturiga muvofiq oʻquv-uslubiy mashgʻulotlar tashkil etildi.
Markaziy saylov komissiyasining aʼzolari va ekspertlari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi professor-oʻqituvchilaridan iborat ekspertlar guruhi tomonidan olib borilgan oʻquv-mashgʻulotida 120 nafardan ortiq respublika trenerlari va hududlarga biriktirilgan Oliy taʼlim muassasalari rektorlari ishtirok etdi.
Oʻquv-amaliy mashgʻulotlar avvalida, Markaziy saylov komissiyasi raisi Zayniddin Nizamxodjayev hamda Davlat boshqaruv akademiyasi rektori Adham Bekmurodovlar ishtirok etib mazkur tadbirning mazmun-mohiyati va undan koʻzlangan natijalar xususida nutq soʻzladi.
Oʻquv-amaliy mashgʻulotlar davomida “Saylovni oʻtkazuvchi komissiyalarni tuzish tartibi va faoliyatining asosiy jihatlari”, “Saylovga oid xalqaro standartlarning muhim talablari”, “Avvalgi saylovlarda yoʻl qoʻyilgan kamchiliklar va ularni oldini olish boʻyicha vazifalar”, “Saylovda ovoz beruvchi fuqarolarning roʻyxati bilan ishlash”, “Muddatidan oldin ovoz berishni tashkil etish va oʻtkazish” kabi mavzu va yoʻnalishlarda taqdimot hamda muhokamalar olib borildi.
Taʼkidlash joiz, saylov komissiyalar aʼzolari malakasini oshirish boʻyicha oʻquv kurslarini yuqori saviyada tashkil etish va oʻtkazish maqsadida Davlat boshqaruv akademiyasi, Toshkent davlat yuridik universiteti, Huquqni muhofaza qilish akademiyasi, Jamoat xavfsizligi universiteti professor-oʻqituvchilaridan iborat yuqori malakali ekspertlar tomonidan oʻquv rejalariga muvofiq maʼruza matni, topshiriq savollari, test, taqdimot, infografika, video-darslar koʻrinishidagi oʻquv-uslubiy materiallar tayyorlangan boʻlib, ushbu oʻquv-amaliy mashgʻulotlarning barcha bosqichlari ushbu oʻquv-uslubiy materiallardan foydalangan holda, interaktiv usullarda oʻtkazilishi rejelashtirilgan.
Ikki kunlik seminarlar yakunida tinglovchilarning treningdan olgan bilim va koʻnikmalari test orqali sinovdan oʻtkazildi va kutilgan natijaga erishgan tinglovchilarga sertifikatlar topshirildi. Respublika trenerlari 29-30-may kunlari Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri markazlarida boʻlib, oʻzlari biriktirilgan hududlarda 944 nafar hududiy trenerlar uchun aynan ushbu shaklda oʻquv-amaliy mashgʻulotlarini oʻtkazadilar.
Markaziy saylov komissiyasi
Matbuot xizmati