Xitoyning O‘zbekistondagi Elchixonasi murojaatiga binoan yangi tayinlangan elchi Yuy Szyun O‘zbekiston Respublikasining bir qator idora va tashkilotlari rasmiy vakillari bilan uchrashdi. Joriy yil 14-avgust kuni Xitoy Xalq Respublikasining O‘zbekiston Respublikasidagi Favqulodda va Muxtor elchisi Markaziy saylov komissiyasi raisi Z.Nizamxodjayev bilan uchrashdi.
O‘zaro do‘stona ruhda o‘tgan uchrashuv chog‘ida Markaziy saylov komissiyasi raisi joriy yil mamlakatimizda bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston Respublikasi referendumi va muddatidan ilgari o‘tkazilgan Prezident saylovlari xususida batafsil maʼlumot berib o‘tdi.
Uchrashuvda O‘zbekiston Respublikasida bo‘lib o‘tgan saylov va referendum jarayonlarida Xitoy Xalq Respublikasi vakillari siyosiy jarayonlarda muntazam ishtirok etib kelishayotganligi alohida taʼkidlandi.
O‘z navbatida, Xitoy Xalq Respublikasining Favqulodda va Muxtor elchisi Yuy Szyun Markaziy saylov komissiyasining kelgusidagi faoliyati va oldiga qo‘ygan vazifalarni amalga oshirishda muvaffaqiyat tilar ekan doimiy hamkorlikka tayyor ekanligini bildirib o‘tdi.
Markaziy saylov komissiyasi
Matbuot xizmati