Joriy yilning 19 dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda Komissiya a’zolari hamda OAV vakillari ishtirok etdilar.
O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining Raisi M.Abdusalomov boshqargan majlis kun tartibidan xorijiy ommaviy axborot vositalari vakillarining akkreditasiyasi hamda Markaziy saylov komissiyasining 2019 yil 17 dekabrdagi 1009-son qaroriga o‘zgartish kiritish masalalari o‘rin oldi.
Markaziy saylov komissiyasi tomonidan chet davlatlarda ochilgan saylov uchastkalari faoliyatini saylov qonunchiligi talablariga binoan tashkil etish masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlarimizning saylovga oid konstitusiyaviy huquqini ro‘yobga chiqarishda muhimdir. Respublikamizning xorijiy mamlakatlardagi diplomatik vakolatxona va konsullik idoralarida 55 ta saylov uchastkasi tuzildi.
O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi, Rossiyada yashab turgan O‘zbekiston fuqarolarining 22 dekabr kuni bo‘ladigan saylovlarda ovoz berish jarayonini keng yortib borish borasida Rossiya tomonining tashabbusini inobatga olib, O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasiga Rossiya Federasiyasining «Rossiya» telekanali «Vesti» axborot dasturi direksiyasining xodimlarini akkreditasiyadan o‘tkazish bo‘yicha taqdimnoma kiritdi.
O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi «Vesti» axborot dasturi direksiyasining 26 nafar vakilini akkreditasiyadan o‘tkazish to‘g‘risida qaror qabul qildi.
Shuningdek, Markaziy saylov komissiyasining 2019 yil 19 noyabrdagi 987-son hamda 2019 yil 26 noyabrdagi 991-son qarorlariga muvofiq akkreditasiyadan o‘tkazilgan ayrim xorijiy jurnalistlarning akkreditasiyalari tegishlicha Tashqi ishlar vazirligining taqdimnomasiga muvofiq bekor qilindi.
Yuqoridagilarni inobatga olgan xolda, hozirgi kunga qadar akkreditasiyadan o‘tkazilgan mahalliy ommaviy axborot vositalari vakillari soni 283 nafarga va xorijiy ommaviy axborot vositalari vakillari soni esa 131 nafarga yetdi.
Ma’lumot o‘rnida aytish joizki, OAV vakillarining vakolati ularga akkreditasiyadan o‘tganligi to‘g‘risida guvohnoma berilgan kundan boshlanadi va saylov yakunlari rasman e’lon qilingan kundan tugaydi.
Markaziy saylov komissiyasi
Matbuot xizmati