• eye Maxsus imkoniyatlar
O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi
02.07.2021
1776
2-iyul kuni O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi. Komissiya Raisi Zayniddin Nizamxodjayev boshqargan yig‘ilishda Markaziy saylov komissiyasining O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bilan bog‘liq bir qator normativ-huquqiy hujjatlariga o‘zgartish hamda qo‘shimchalar kiritishga doir masalalar muhokama qilindi.

2 iyul kuni O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi. Komissiya Raisi Zayniddin Nizamxodjayev boshqargan yig‘ilishda Markaziy saylov komissiyasining O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bilan bog‘liq bir qator normativ-huquqiy hujjatlariga o‘zgartish hamda qo‘shimchalar kiritishga doir masalalar muhokama qilindi.

O‘zbekiston Respublikasi saylovlarida xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlardan qatnashadigan kuzatuvchilar to‘g‘risida nizom, Saylov kampaniyasi davrida ommaviy axborot vositalari vakillarini akkreditasiyadan o‘tkazish tartibi to‘g‘risida nizom, Qamoqda saqlash va ozodlikdan mahrum etish joylarida saylov uchastkalarini tashkil etish tartibi to‘g‘risida nizom, Saylov va referendumga tayyorgarlik ko‘rish hamda ularni o‘tkazish bilan bog‘liq bo‘lgan hujjatlarni saqlash, arxivga topshirish va yo‘q qilish tartibi to‘g‘risida yo‘riqnoma kabi hujjatlar shular jumlasidandir.

Majlisda Markaziy saylov komissiyasi tomonidan bo‘lajak saylovga tayyorgarlik ishlari, pandemiya bilan bog‘liq murakkab sharoitga qaramasdan, hamkor tashkilotlar bilan birgalikda jadal va izchil davom ettirilayotgani aytib o‘tildi. Bunda Markaziy saylov komissiyasining O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi jarayonini tartibga soluvchi qarorlarini saylov qonunchiligiga kiritilgan o‘zgartish va qo‘shimchalarga muvofiqlashtirish, xalqaro standartlar hamda amaliyotdan kelib chiqib takomillashtirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Xalqaro tashkilotlar, jumladan, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosining tavsiyalari, mamlakatimizda o‘tkazilgan avvalgi saylovlar amaliyotida vujudga kelgan kamchiliklarni bartaraf etish, saylov jarayonlarini umume’tirof etilgan demokratik standartlarga moslashtirish bilan bog‘liq masalalarga muhim ahamiyat berilmoqda.


Saylov kodeksining 10-moddasiga binoan, O‘zbekiston Respublikasining chet davlatlardagi diplomatik va boshqa vakolatxonalari huzurida saylov uchastkalari tuzilishi mumkin.

O‘zbekiston Respublikasining diplomatik vakolatxona va konsullik muassasasi hisoblanmaydigan chet davlatlardagi vakolatxonalarida saylov uchastkalari tuzilishi amaliyotda mavjud. Ushbu qoidaga asosan, Markaziy saylov komissiyasining 2019 yil 26 noyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Tashqi mehnat migrasiyasi agentligining Moskva va Kvanju shaharlaridagi vakolatxonalarida qo‘shimcha saylov uchastkalarini tuzish va ularni tegishli saylov okruglariga biriktirish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilingan.

Shu bois diplomatik vakolatxona va konsullik muassasasi hisoblanmaydigan boshqa vakolatxonalarda tuziladigan saylov uchastkalariga oid masalalarning O‘zbekiston Respublikasining chet davlatlardagi diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalari huzurida saylov uchastkalarini tashkil etish tartibi to‘g‘risida Nizomda qamrab olinishi hamda mustahkamlab qo‘yilishi muhim ahamiyatga ega.

Qayd etish o‘rinliki, Saylov kodeksining chet davlatlarda istiqomat qilib turgan O‘zbekiston fuqarolarini diplomatik vakolatxonalarning konsullik hisobida bo‘lishi yoki bo‘lmasligidan qat’i nazar, saylovchilar ro‘yxatiga kiritish tartibi, xorijiy mamlakatlarda saylovchilar yashayotgan yoki ishlayotgan joyida ko‘chma qutilar orqali ovoz berishining huquqiy asoslari yanada mustahkamlandi.

Markaziy saylov komissiyasining normativ-huquqiy hujjatlariga kiritilgan bu kabi muhim o‘zgartish va qo‘shimchalar O‘zbekiston Respublikasining Saylov kodeksiga joriy yil 8 fevral hamda 31 may kunlari kiritilgan o‘zgartish va qo‘shimchalarga muvofiq bo‘lib, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik ko‘rish hamda uni o‘tkazish bilan bog‘liq barcha jarayonni milliy saylov qonunchiligi va umume’tirof etilgan xalqaro saylov standartlari asosida o‘tkazishga xizmat qiladi.

Majlisda Markaziy saylov komissiyasining vakolatiga taalluqli boshqa masalalar ham ko‘rib chiqildi va tegishli qarorlar qabul qilindi.

Markaziy saylov komissiyasining
Matbuot xizmati