Mamlakatimizda o‘tkaziladigan ushbu muhim siyosiy jarayon munosabati bilan joriy yilning 24-28 may kunlari YXHT Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosining Ehtiyojlarni baholash missiyasi (EBM) ekspertlari Prezident sayloviga tayyorgarlik jarayonlarini o‘rganish maqsadida O‘zbekistonga tashrif buyurgan va MSK rahbariyati bilan uchrashgan edi. Tashrif yakunlari bo‘yicha EBM o‘z hisobotida bo‘lajak saylovlarni YXHT DIIHBning to‘laqonli missiyasi tomonidan monitoring qilish maqsadga muvofiqligini qayd etib, uning tarkibiga asosiy guruh (10-15 nafar ekspert), 28 ta uzoq muddatli va 250 nafar qisqa muddatli kuzatuvchilarni jalb etishni tavsiya etgan.
Saylovlarning ochiqligi va shaffofligini ta’minlashda kuzatuvchilarning, jumladan xorijiy mamlakatlar vakillari va xalqaro tashkilotlar kuzatuvchilari missiyalarining ishtiroki muhim ahamiyat qasb etishini inobatga olib, oktyabr oyida bo‘lib o‘tadigan saylovlarda nufuzli xalqaro tashkilotlar va chet mamlakatlardan kuzatuvchilar taklif etilishi rejalashtirilgan. Xususan, YXHT PA va DIIHB missiyalari bilan bir qatorda MDH, SHHT, MDH Parlamentlararo Assambleyasi va boshqa tashkilotlarga taklifnomalar yuboriladi.