Markaziy saylov komissiyasi tomonidan shu yil 14 aprel kuni qabul qilingan va ijrosi izchillik bilan ta’minlanayotgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha asosiy tadbirlar dasturida saylov jarayonlarining barcha bosqichlarini ommaviy axborot vositalarida tizimli yoritib borishga doir muhim vazifalar belgilangan.
Shundan kelib chiqib, memorandumlarda Saylov kodeksi va saylov jarayonini tartibga soladigan boshqa normativ-huquqiy hujjatlarning qoidalarini saylovchilar o‘rtasida keng tushuntirish bo‘yicha ishlarni samarali tashkil qilish, shuningdek saylov jarayonining ochiqligi, oshkoraligi va transparentligini ta’minlash, saylovchilarning huquqiy madaniyatini yuksaltirish, siyosiy partiyalar va nomzodlarning saylovoldi dasturlari haqida jamoatchilikni tezkorlik bilan xabardor qilishda o‘zaro hamkorlikni yanada mustahkamlash nazarda tutilgan.
Imzolangan memorandumlarni amalga oshirish doirasida barcha darajadagi saylov komissiyalarining faoliyatini izchil yoritib borish, siyosiy partiyalar va nomzodlar uchun ularning saylovoldi dasturlari qoidalari, mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy, sosial-iqtisodiy rivojlanishining muhim masalalariga oid mustaqil nuqtai nazarlarini saylovchilarga, jamoatchilikka yetkazishda ommaviy axborot vositalarida teng hajmda efir vaqti va nashr maydoni ajratish yo‘li bilan keng va teng imkoniyatlar yaratishga alohida e’tibor qaratiladi.
Ayni paytda, mazkur hujjatlar saylovchilar va saylov tashkilotchilarining milliy saylov institutlariga ishonchini mustahkamlash hamda ularda Vatan va xalq taqdiriga daxldorlik tug‘usini mustahkamlashga qaratilgan ko‘lamli ishlarni qamrab olgani bilan ham ahamiyatlidir.
Ma’lumot uchun: Joriy yil 14 iyul kuni O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi, Elektron ommaviy axborot vositalari milliy assosiasiyasi, “Zo‘rTV” teleradikompaniyasi, “Uzreport” hamda “Dunyo” axborot agentliklari o‘rtasida Prezident saylovlarini yoritish bo‘yicha ikki tomonlama memorandumlar imzolangan edi.
Ayni paytda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha asosiy tadbirlar dasturiga muvofiq 814 nafar OAV vakillari akkreditasiyadan o‘tkazilgan bo‘lib ularning 766 nafari mahalliy va 48 nafari xorijiy OAV vakillari hisoblanadi.
Markaziy saylov komissiyasi
Matbuot xizmati