Majlis kun tartibidan Oʼzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini oʼtkazishda jamoat tartibini saqlash va jamoat xavfsizligini taʼminlash chora-tadbirlari, Oʼzbekiston Prezidenti saylovida xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlardan qatnashadigan kuzatuvchilarni akkreditatsiya qilish hamda Ommaviy axborot vositalari vakillarini akkreditatsiyadan oʼtkazish masalalari joy oldi.
Shuningdek, Oʼzbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik koʼrish va uni oʼtkazish yuzasidan ayrim okrug saylov komissiyalari raislarining axborotlari tinglandi.
Komissiya aʼzolari dastlab Oʼzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini oʼtkazishda jamoat tartibini saqlash va jamoat xavfsizligini taʼminlash chora-tadbirlari toʼgʼrisidagi masalani koʼrib chiqishdi.
Qayd etilganidek, Oʼzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini oʼtkazishda jamoat tartibini saqlash va jamoat xavfsizligini taʼminlash chora-tadbirlari toʼgʼrisidagi qaror bilan jamoat xavfsizligini taʼminlashga masʼul xodimlarning saylov davridagi vazifalari va majburiyatlari belgilanmoqda.
Unga koʼra Oʼzbekiston Prezidenti saylovini oʼtkazishda jamoat tartibini saqlash va jamoat xavfsizligi Ichki ishlar vazirligi va Milliy gvardiyasi tomonidan amalga oshiriladi.
Jamoat xavfsizligini taʼminlashga masʼul xodim oʼz faoliyatini saylov komissiyalari bilan hamkorlikda tashkil etadi, saylov byulletenlari olingan kundan boshlab byulletenlar hamda boshqa hujjatlar saqlanadigan binoning qoʼriqlanishi, shuningdek okrug va uchastka saylov komissiyalari aʼzolari kuzatuvi ostida saylov natijalariga doir hujjatlarni tashishda xavfsizlikni taʼminlaydi.
Shu bilan birga, saylovchilarning yashirin ovoz berish huquqi, oʼz xohish irodasini bildirish tengligi va erkinligini, shuningdek saylov jarayoni ishtirokchilarining qonuniy manfaatlari, huquqlari va erkinliklarini buzmagan holda jamoat tartibini saqlash va jamoat xavfsizligini taʼminlash choralarini koʼradi.
Jamoat xavfsizligini taʼminlashga masʼul xodimga saylovchilar, kuzatuvchilar va saylov jarayonining boshqa ishtirokchilariga taʼsir oʼtkazish, saylovchi saylov byulleteniga oʼz belgisini qoʼyayotgan paytda yashirin ovoz berish kabinasida yoki xonasida boʼlish, biron-bir tashviqot materialini yoki adabiyotini tarqatish, saylovchilardan ular qanday ovoz berganligini surishtirish yoki saylovchilarga saylov byulleteniga belgi qoʼyishda biron-bir tarzda yordam koʼrsatish, saylov komissiyasining faoliyatiga, shu jumladan uning majlislarida hozir boʼlishga, saylov qutilarini muhrlashga, ularni ochishga, ovozlarni sanab chiqishga aralashish taqiqlanadi.
Komissiya aʼzolari tomonidan Oʼzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlardan qatnashadigan kuzatuvchilarni akkreditatsiya qilish toʼgʼrisidagi masala koʼrib chiqildi.
Qayd etilganidek, Tashqi ishlar vazirligi tomonidan 156 nafar xorijiy (xalqaro) kuzatuvchilarni akkreditatsiyadan oʼtkazish boʼyicha MSKga taqdimnomalar kiritildi. Shu sababli, Oʼzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlardan qatnashadigan kuzatuvchilarni akkreditatsiya qilish toʼgʼrisidagi MSK qarori loyihasi ishlab chiqilgan. Unga muvofiq, Belgiya, BАА, Buyuk Britaniya, Germaniya, Frantsiya, Xindiston, Chexiya, Rossiya, Tojikiston, Qozogʼiston kabi davlatlardan jami 156 nafar xalqaro kuzatuvchi roʼyxatdan oʼtkazildi.
Shunday qilib, shu kunga qadar akkreditatsiyadan oʼtkazilgan Oʼzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlardan qatnashadigan kuzatuvchilar umumiy soni 380 nafarni tashkil etmoqda. Markaziy saylov komissiyasi xalqaro kuzatuvchilarga saylovga tayyorgarlik koʼrish va uni oʼtkazish davrida oʼz faoliyatlarini amalga oshirishlari uchun mandatlarni qonunda belgilangan muddatda taqdim etmoqda.
Komissiya aʼzolari tomonidan ommaviy axborot vositalari vakillarini akkreditatsiyadan oʼtkazish masalasi ham koʼrib chiqildi.
Qayd etilganidek, oʼtgan vaqt davomida Markaziy saylov komissiyasiga 6 ta mahalliy Ommaviy axborot vositasi tomonidan murojaat kelib tushgan. Majlisda Ommaviy axborot vositalari vakillarini akkreditatsiyadan oʼtkazish toʼgʼrisidagi qaror loyihasi bir ovozdan maʼqullandi hamda jami 23 nafar mahalliy OАV vakili akkreditatsiyadan oʼtkazildi.
Endilikda akkreditatsiyadan oʼtkazilgan mahalliy OАV vakillari jami 1357 nafar, xorijiy ommaviy axborot vositalari vakillari esa 146 nafarni tashkil etmoqda.
Majlis davomida 4-Jizzax, 6-Namangan, 13-Qashqadaryo va 14-Toshkent shahar okrug saylov komissiya raislarining saylovga tayyorgarlik koʼrish boʼyicha hisobotlari tinglandi.
Majlisda kun tartibiga kiritilgan qarorlar ochiq ovoz berish orqali, komissiya aʼzolari tomonidan bir ovozdan qabul qilindi.
Markaziy saylov komissiyasi
Matbuot xizmati