Uchrashuv davomida 14-Toshkent shahar okrug saylov komissiyasi raisi Odil Аbduraxmonov kuzatuvchilarga saylovga tayyorgarlik jarayonlari 2021-yil 23-iyul kuni Markaziy saylov komisssiyasi tomonidan qabul qilingan “Oʼzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini oʼtkazish boʼyicha kalendarь reja” asosida olib borilayotgani haqida maʼlumot berib oʼtdi.
Qayd etish joiz, 14-Toshkent shahar okrug saylov komissiyasi tomonidan 822 ta saylov uchastkasi tuzilgan. Shu yil Toshkent viloyatining bir qator aholi punktlari Toshkent shahriga koʼchirilishi munosabati bilan 58 ming nafar saylovchi ovoz berishi uchun 25 ta yangi saylov uchastkasi tashkil etildi. Hozirda uchastka saylov komissiyasi aʼzolarini oʼqitish yakunlangan boʼlib, okrug saylov komissiyasi aʼzolari ularni sinovdan oʼtkazmoqda.
Kuzatuvchilar tomonidan oʼtkazilgan monitoring natijalari shuni koʼrsatdiki, Oʼzbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik koʼrish muddatlariga amal qilinmoqda hamda okrug va uchastka saylov komissiyalarini kompyuter, dasturiy mahsulotlar, axborot materiallari bilan taʼminlash va jihozlash deyarli toʼliq yakunlangan. Ovoz berish kuni 14-sonli okrug saylov komissiyasining 12 ta saylov uchastkasida videokuzatuv jarayonlari amalga oshiriladi.
Shu bilan birga, uchastka saylov komissiyalari aʼzolari oʼquvlarda ishtirok etishdi hamda saylovchilarning elektron roʼyxatlari bilan ishlash koʼnikmalarini oshirishdi. Hozirda uchastka saylov komissiyalari koʼngillilar yordamida roʼyxatga olingan saylovchilar toʼgʼrisidagi maʼlumotlarni uyma-uy yurish orqali tekshirmoqda. Saylovchilar roʼyxatini tekshirish 2020-yil 14- oktabrga qadar yakunlanadi.