• eye Maxsus imkoniyatlar
Markaziy saylov komissiyasining navbatdagi yig‘ilishi
13.10.2021
6203
2021 yil 13 oktyabr kuni Markaziy saylov komissiyasining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Majlisni Komissiya Raisi Z.Nizamxodjayev olib bordi.

Majlis kun tartibidan Ayrim saylov uchastkalarida saylov jarayonini video-translyasiya qilish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlarni belgilash, Saylov jarayoniga raqamli texnologiyalarini joriy etish, Saylov jarayonini boshqarish axborot tizimini takomillashtirish borasida amalga oshirilgan ishlar, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazuvchi 11-Farg‘ona okrug saylov komissiyasi tarkibiga o‘zgartirishlar kiritish, O‘zbekiston Prezidenti saylovida xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlardan qatnashadigan kuzatuvchilarni akkreditasiya qilish hamda Ommaviy axborot vositalari vakillarini akkreditasiyadan o‘tkazish masalalari joy oldi.

Komissiya a’zolari dastlab Ayrim saylov uchastkalarida saylov jarayonini video-translyasiya qilish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlarni belgilash to‘g‘risidagi masalani ko‘rib chiqishdi.

Saylov jarayonida zamonaviy axborot texnologiyalaridan foydalanish ochiqlik va oshkoralikni ta’minlaydi, shuningdek, saylovchilar uchun har tomonlama qulayliklar yaratib beradi. Shu bois, bir qator davlatlar saylov jarayonida zamonaviy axborot texnologiyalaridan foydalanib kelmoqda. 

Qayd etilganidek, ovoz berish kuni mamlakatimiz hududida joylashgan 207 ta saylov uchastkasida saylov jarayonlari onlayn video-translyasiya qilinadi. Video-translyasiya jarayoni Markaziy saylov komissiyasining Matbuot markazida katta hajmdagi ekran orqali, shuningek, “saylov2021.uz” portali hamda O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasining “O‘zbekiston 24” va boshqa telekanallarida onlayn tarzda uzatib boriladi.

Shuningdek, kun tartibidan Saylov jarayoniga raqamli texnologiyalarini joriy etish, Saylov jarayonini boshqarish axborot tizimini takomillashtirish borasida amalga oshirilgan ishlar to‘g‘risidagi masala joy oldi.

Majlis davomida Axborot kommunikasiya Texnologiyalarni rivojlantirish vazirining birinchi o‘rinbosari O.Pekos, Ichki ishlar vazirining o‘rinbosari N.Turaxodjayev, Kadastr agentligi direktori o‘rinbosari M. Mirmaksudov va Davlat personallashtirish markazi raxbari U.Tashxodjayevlarning  Saylov jarayoniga raqamli texnologiyalarini joriy etish, Saylov jarayonini boshqarish axborot tizimini takomillashtirish borasida amalga oshirilgan ishlar to‘g‘risida axborotlari tinglandi.

Yig‘ilishda Komissiya a’zolari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazuvchi 11-Farg‘ona okrug saylov komissiyasi tarkibiga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risidagi masalani ko‘rib chiqishdi.

Unga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazuvchi 11-Farg‘ona okrug saylov komissiyasi a’zosi Vech Olesya Yaroslavnaning bergan arizasiga muvofiq, o‘z vazifasini bajarishdan ozod qilindi.  Xalq deputatlari Farg‘ona viloyati Kengashining tavsiyasiga binoan O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikasiyalarini rivojlantirish vazirligi Farg‘ona viloyati hududiy boshqarmasi boshlig‘i vazifasini bajaruvchi Gafurov Yusufbek Ikramovich 11-Farg‘ona okrug saylov komissiyasi a’zosi etib tasdiqlandi.

Komissiya a’zolari tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlardan qatnashadigan kuzatuvchilarni akkreditasiya qilish to‘g‘risidagi masala ko‘rib chiqildi.

Qayd etilganidek,  Tashqi ishlar vazirligi tomonidan 177 nafar xorijiy (xalqaro) kuzatuvchilarni akkreditasiyadan o‘tkazish bo‘yicha MSKga taqdimnomalar kiritildi. Shu sababli, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlardan qatnashadigan kuzatuvchilarni akkreditasiya qilish to‘g‘risidagi MSK qarori loyihasi ishlab chiqilgan.

Unga muvofiq, xalqaro tashkilotlardan  xususan, YeXHT DIIHB, Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi, Shanxay hamkorlik tashkiloti, Turkiy Kengash, Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi Parlamentlararo Assambleyasi, Osiyoda o‘zaro hamkorlik va ishonch choralari kengashi kotibiyati, Xalqaro turk akademiyasi, Yevropa Parlamenti, IHT ilmiy-texnikaviy hamkorlik bo‘yicha doimiy komissiyasi, YUNESKO, shuningdek, Yaponiya, Turkiya, Slovakiya, Isroil, Niderlandiya, Ispaniya, Indoneziya, Gruziya,  Germaniya, Vengriya, Belgiya, Amerika Qo‘shma Shtatlari, Avstriya Respublikasi, Rossiya Federasiyasi, Pokiston Respublikasi, Ozarbayjon Respublikasi,  Tojikiston Respublikasi, Qozog‘iston Respublikasi, Qirg‘iziston Respublikasi kabi xorijiy mamlakatlardan jami 177 nafar xalqaro kuzatuvchi ro‘yxatdan o‘tkazildi.

Shunday qilib, shu kunga qadar akkreditasiyadan o‘tkazilgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlardan qatnashadigan kuzatuvchilar umumiy soni 557  nafarni tashkil etmoqda. Markaziy saylov komissiyasi xalqaro kuzatuvchilarga saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish davrida o‘z faoliyatlarini amalga oshirishlari uchun mandatlarni qonunda belgilangan muddatda taqdim etmoqda.

Komissiya a’zolari tomonidan ommaviy axborot vositalari vakillarini akkreditasiyadan o‘tkazish masalasi ham ko‘rib chiqildi.

Qayd etilganidek, o‘tgan vaqt davomida Markaziy saylov komissiyasiga 27 ta mahalliy  Ommaviy axborot vositasi tomonidan murojaat kelib tushgan. Majlisda Ommaviy axborot vositalari vakillarini akkreditasiyadan o‘tkazish to‘g‘risidagi qaror loyihasi bir ovozdan ma’qullandi hamda jami 62 nafar mahalliy  OAV vakili akkreditasiyadan o‘tkazildi. 

Endilikda akkreditasiyadan o‘tkazilgan mahalliy OAV vakillari jami 1419 nafar,  xorijiy ommaviy axborot vositalari vakillari esa 146  nafarni tashkil etmoqda.

Majlisda kun tartibiga kiritilgan qarorlar ochiq ovoz berish orqali, komissiya a’zolari tomonidan bir ovozdan qabul qilindi.

 

Markaziy saylov komissiyasi

Matbuot xizmati