• eye Maxsus imkoniyatlar
Hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi
15.10.2021
3181
15-oktabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi raisi Z.Nizomxodjayev Saylov tizimlari xalqaro jamg‘armaning (IFES, Vashington, Kolumbiya okrugi) Yevropa va YevroOsiyo bo‘yicha dasturlari mutaxassislari bilan uchrashdi.

Uchrashuvda MSK rahbari IFES vakillariga mamlakatda fuqarolarning saylov huquqlarini ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan islohotlar, bo‘lajak O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovlariga tayyorgarlik haqida ma’lumot berdi.

Fuqarolarning erkin va adolatli saylovlarda ishtirok etish huquqini ta’minlashda Jamg‘armaning o‘rni alohida qayd etildi. IFES tajribasi saylov tizimini mustahkamlash va mahalliy resurslarning salmog‘ini kengaytirishga hissa qo‘shadi, bu esa o‘z navbatida dolzarb masalalarning istiqboldagi yechimlarini topish imkonini yaratadi.
Uchrashuvda tomonlar Saylov tizimlari xalqaro jamg‘armasining Markaziy saylov komissiyasi bilan hamkorligi yo‘nalishlari va uni yanada mustahkamlash yo‘llarini muhokama qilishdi.

IFES ning Yevropa va YevroOsiyo bo‘yicha dasturlari katta menejeri Entoni Boyer O‘zbekistonda saylov qonunchiligi va saylov tartibini takomillashtirish borasida olib borilayotgan ishlarni yuqori baholar ekan, Jamg‘arma mustaqil saylov komissiyalari faoliyati samaradorligini oshirishga, saylov qonunchiligi va amaliyotini takomillashtirishga qaratilgan loyiha dasturini amalga oshirish orqali milliy saylov jarayonini qo‘llab - quvvatlashga tayyorligini bildirdi.

MSK salohiyatini oshirishda MSK a’zolarini o‘qitish orqali kasbiy etika tamoyillarini ilgari surish, saylov komissiyalari xodimlarini saylov jarayonini boshqarishga oid, saylovning ochiqligini ta’minlash va barcha saylovchilarga sharoit yaratish kabi  barcha masalalar bo‘yicha o‘qitish, aholi, ayniqsa, yoshlarning huquqiy madaniyatini oshirish, saylovchilarni ro‘yxatga olish tizimini takomillashtirishda texnik yordam ko‘rsatish yo‘li bilan  saylovchilarga ovoz berishda qatnashish imkoniyatini yaxshilash bilan bog‘liq masalalar bo‘yicha hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi.

Uchrashuv yakunida tomonlar MSK va Jamg‘arma o‘rtasida yanada tizimli aloqalarni rivojlantirish zarurligi to‘g‘risida o‘zaro fikr bildirdilar.

Tamar Jvaniya Saylov tizimlari xalqaro jamg‘armasi katta ekspert:

- Saylov tizimlari xalqaro jamg‘armasining 2 nafar vakili Markaziy saylov komissiyasini loyiha faoliyati orqali qo‘llab-quvvatlash uchun O‘zbekistonga tashrif buyurgan. Biz saylovlarni baholash va muayyan hisobot taqdim etish uchun nuqtai nazaridan saylovni kuzatmaymiz. Biz MSK hamda saylov jarayonlarining boshqa ishtirokchilari, jumladan OAV, nogironlar tashkilotlari, fuqarolik jamiyati institutlari, yoshlar tashkilotlar bilan hamkorlik qilamiz. Ushbu hamkorlik joriy saylovlardan so‘ng boshlanib, keyingi parlament saylovlariga tayyorgarlik doirasida amalga oshiriladi. Ishonamanki, ushbu hamkorligimiz saylovlarning ochiqligi, inklyuzivligi, saylovchilarning faol ishtirokini ta’minlashga hamda mamlakat taraqqiyotiga  o‘z hissasini qo‘shadi.