Uchrashuvda saylov kampaniyasi tadbirlari, saylov qonunchiligiga kiritilgan o‘zgartirishlar, chet davlatlardagi diplomatik va boshqa vakolatxonalari huzurida tuzilgan saylov uchastkalari kabi masalalar haqida so‘z yuritildi.
Qayd etilganidek, O‘zbekistonning diplomatik vakolatxonalari mavjud bo‘lgan 37 ta davlatda 54 ta stasionar saylov uchastkalari tashkil etilgan. Shu jumladan, O‘zbekiston Respublikasining Nyu-Dehli shahridagi Elchixonasida 51-tartib raqamli saylov uchastkasi joylashgan.
Xorijiy mamlakatlardagi O‘zbekiston fuqarolari Avstriya, Afg‘oniston, AQSH, BAA, Belarus, Belgiya, Buyuk Britaniya, Germaniya, Indoneziya, Isroil, Ispaniya, Italiya, Janubiy Koreya, Qirg‘iziston, Qozog‘iston, Quvayt, Latviya, Malayziya, Misr, Ozarbayjon, Pokiston, Polsha, Rossiya, Saudiya Arabistoni, Singapur, Tailand, Tojikiston, Turkmaniston, Turkiya, Ukraina, Ummon, Fransiya, XXR, Hindiston, Shveysariya, Eron va Yaponiyada joylashgan saylov uchastkalarida ovoz berishlari mumkin.
Hindistonning mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Manish Prabxat o‘z so‘zida chet davlatlardagi O‘zbekiston fuqarolari uchun yaratilgan imkoniyatlarga ham yuqori baxo berdi. Elchi janoblari Hindiston saylov tizimida bunday amaliyot yo‘qligi va Hindistonning xorijiy davlatlardagi fuqarolari uchun saylov uchastkalari tashkil etilmasligini qayd etib o‘tdi.
Shuningdek, uchrashuv davomida ayni kunlarda bir necha nufuzli xalqaro tashkilotlar vakillarining uzoq muddatli kuzatuvchilari yurtimizga tashrif buyurgani va ular ushbu siyosiy jarayonlarga tayyorgarlik ishlari bilan tanishib borayotganliklari haqida ma’lumot berib o‘tildi.
Markaziy saylov komissiyasi
Matbuot xizmati