• eye Maxsus imkoniyatlar
Xorijdagi vatandoshlarimiz muddatidan oldin ovoz berishdi
16.10.2021
2533
O‘zbekistonning Latviyadagi elchixonasida tashkil etilgan 24-son saylov uchastkasida 14 oktyabr kuni O‘zbekiston Prezidenti saylovida muddatidan oldin ovoz berish o‘tkazildi.

Muddatidan oldin ovoz berish nuqtalari eng ko‘p o‘zbekistonliklar tahsil olayotgan oliy o‘quv yurtlari - Riga texnika universiteti (RTU) va Axborot tizimlarini boshqarish oliy maktabida tashkil etildi.

Saylov jarayoni saylov uchastka komissiyasi a’zolari, oliy o‘quv yurtlari ma’muriyati vakillari, talabalar va O‘zbekiston yoshlar assosiasiyasining Rigadagi faollari ishtirokida O‘zbekiston Respublikasi Davlat madhiyasining ijrosi bilan boshlandi.

Pandemiya, shuningdek, mezbon mamlakat qonunchiligi talablarini inobatga olgan holda, ovoz berish jarayoni epidemiologik xavfsizlik choralariga rioya qilingan holda tashkil etilgan. Jumladan, universitet ma’muriyati ko‘magida binolar oldindan dezinfeksiya qilindi. Ovoz berish xonalari dezinfeksiya vositalari va yuz niqoblari bilan ta’minlandi, ijtimoiy masofaga rioya etilmoqda.

Ta’kidlash joizki, Prezident saylovi 2019 yilda qabul qilingan O‘zbekistonning yangi Saylov kodeksiga muvofiq o‘tkazilmoqda. Ushbu normativ hujjat qoidalariga ko‘ra, muddatidan oldin ovoz berish asosiy saylovga 10 kun (14 oktyabrь) qolganda boshlanadi va saylov sanasidan 3 kun (20 oktyabrь) oldin to‘xtatiladi.

Eslatib o‘tamiz, yurtdoshlarimizning saylov huquqlarini to‘liq ta’minlash maqsadida O‘zbekistonning Latviyadagi elchixonasi huzurida tashkil etilgan 24-son saylov uchastkasi joriy yil 16-19 oktyabr kunlari Tallinn, Xelsinki va Vilnyus shaharlarida ham muddatidan oldin ovoz berish jarayonini o‘tkazadi.

Turkiyadagi vatandosh: Men yangi O‘zbekistonning istiqboli, o‘zim kabi yoshlarning porloq kelajagi uchun ovoz berdim

Mamlakatimizning Anqara shahridagi elchixonasida tashkil etilgan 43-saylov uchastkasi va Antaliya shahridagi faxriy konsulxonasida O‘zbekiston Prezidenti saylovida muddatidan oldin ovoz berish o‘tkazildi.

Muddatidan oldin saylov berish jarayoni davlatimiz madhiyasi sadolari bilan ochildi. Shundan so‘ng, Anqara, Antaliya va qo‘shni shaharlarda bo‘lib turgan, ta’lim olish yoki vaqtincha mehnat qilish maqsadida kelgan vatandoshlarimiz saylovda muddatidan oldin ovoz berishda ishtirok etib, o‘zlarining konstitusiyaviy huquqidan foydalandi.

Ovoz berish jarayonida pandemiya sharoiti hisobga olingan holda, sanitariya tartiblariga alohida ahamiyat berilmoqda. Shuningdek, Turkiya hududida saylovning xavfsiz o‘tishida mahalliy mutasaddi tashkilotlar tomonidan katta ko‘mak ko‘rsatilmoqda.

Ta’kidlash kerakki, Antaliya Turkiyaning yirik turizm markazlaridan biri hisoblanadi. Bu yerga dam olish maqsadida kelgan fuqarolarimiz uchun ham muddatidan avval ovoz berishda qatnashish imkoniyati ayni muddao bo‘ldi.

- Men Antaliyadagi Akdeniz universitetida sog‘liq xizmatlari yo‘nalishida magistraturada ta’lim olayapman. Bundan bir necha kun avval Antaliyadagi O‘zbekiston faxriy konsulxonasida Prezident saylovi bo‘yicha saylov uchastkasi tashkil etilishini eshitib, juda xursand bo‘ldim, - deydi Sevda Amriyeva. - O‘zimning konstitusiyaviy huquqimdan foydalanish imkoniyati yaratib berilganidan juda minnatdorman. Bugun men yangi O‘zbekistonning istiqboli, o‘zim kabi yoshlarning porloq kelajagi uchun ovoz berdim. Bu yerdagi ta’limimni bitirgach, O‘zbekistonimga qaytib, Vatan ravnaqiga hissa qo‘shaman.

Vatandoshlarimizga ko‘proq qulaylik yaratish maqsadida muddatidan oldin ovoz berish Anqarada 14-20 oktyabrь, Konya va Karabyuk shaharlarida esa 16 oktyabr kunlari bo‘lib o‘tadi.

O‘zbekistonning Anqara shahridagi elchixonasi yana bir bor Turkiyadagi vatandoshlarimizni 24 oktyabrь kuni bo‘lib o‘tadigan ushbu muhim siyosiy voqeada faol qatnashishga da’vat etadi.

Tarazda O‘zbekiston Prezidenti saylovida muddatidan oldin ovoz berish jarayoni bo‘lib o‘tdi

O‘zbekiston Prezidenti saylovida muddatidan oldin ovoz berish jarayoni Taraz shahridagi (Qozog‘iston) O‘zbek etno-madaniy markazi binosida bo‘lib o‘tdi.

Muddatidan oldin ovoz berishda M.Dulati nomidagi Taraz universiteti talabalari va ushbu viloyatda hamda Qozog‘istonning Jambil viloyatida vaqtincha yashayotgan va ishlayotgan vatandoshlar qatnashdi.

Pandemiya bilan bog‘liq mamlakatdagi cheklovlar hisobga olinib, ovoz berish jarayoni sanitariya-gigiyena xavfsizlik choralariga rioya qilingan holda tashkil etildi.

AQSHdagi o‘zbekistonlik yoshlar Prezident saylovi kampaniyasiga faol qiziqish bildirmoqda

AQSHda tahsil olayotgan o‘zbekistonlik talabalar Prezident saylovi kampaniyasiga faol qiziqish bildirib, tengdoshlarini 24 oktyabrь kuni bo‘lib o‘tadigan ovoz berishda faol qatnashishga da’vat etmoqda.

Jumladan, Jorj Vashington universiteti talabalari O‘zbekiston Prezidentligiga ilgari surilgan nomzodlarning saylovoldi dasturlari bilan chuqur tanishib, mamlakatimiz kelajagini belgilash uchun o‘z konstitusiyaviy huquqidan foydalanish niyatida ekanini bildirdi.

Sent-Luisdagi Vashington universitetida tahsil olayotgan vatandoshlarimiz AQSHdagi o‘zbekistonlik talabalar saylov kampaniyasining borishi, nomzodlarning chiqishlari hamda milliy qonunchilikdagi so‘nggi yangiliklarni diqqat bilan kuzatib borayotganini ta’kidladi. Shuningdek, ular nomzodlarning dasturlarini faol muhokama qilib, O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan yoshlarga oid davlat siyosati sohasidagi o‘zgarishlarni qo‘llab-quvvatlab, munosib nomzodga ovoz berishini bildirmoqda.

O‘z navbatida, Missuri shtati universiteti talabalari ham saylovda faol ishtirok etish va AQSHda tashkil etil mobil saylov uchastkalaridan birida o‘zlari munosib deb bilgan nomzodni saylash niyatida.

Qayd etish kerakki, ayrim sabablarga ko‘ra ovoz berish kunida saylovda ishtirok eta olmaydigan O‘zbekiston fuqarolariga qulaylik yaratish maqsadida AQSHning yurtdoshlarimiz jips yashaydigan 8 ta hududida muddatidan oldin ovoz berish nuqtalari tashkil etilgan. Bundan tashqari, O‘zbekistonning Vashingtondagi elchixonasi va Nyu-Yorkdagi Bosh konsullxonasi binosida tashkil etilgan saylov uchastkalarida 14-20 oktyabrь kunlari vatandoshlarimiz muddatidan oldin ovoz bermoqda.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Markaziy saylov komissiyasi qarori bilan O‘zbekistonning AQSHdagi elchixonasi va Nyu-Yorkdagi Bosh konsulxonasi huzurida Toshkent shahridagi 14-saylov okrugiga biriktirilgan saylov uchastkalari tashkil etilgan.

Janubiy Koreyadagi vatandosh-talabalar: Bizning ovozimiz kelajagimiz uchun muhim ekanligiga ishonamiz

Janubiy Koreyaning Inchon va Pochon shaharlarida O‘zbekiston Prezidenti saylovida muddatidan oldin ovoz berish jarayoni bo‘lib o‘tdi. Inchon shahridagi Inxa universitetida 300 ga yaqin vatandosh-talaba tahsil oladi, Pochon shahrida esa ko‘plab yurtdoshlarimiz istiqomat qiladi.

Vatandoshlarimiz O‘zbekiston Prezidentiga nomzodlar va ularning saylovoldi dasturlari, milliy qonunchilikdagi o‘zgarishlar bilan tanishib, o‘zlari tanlagan nomzodga ovoz berdi.

– Biz, Inxa universitetida ta’lim olayotgan o‘zbekistonlik yigit-qizlar saylovchilar uchun yaratilgan imkoniyatlar va o‘z konstitusion huquqimizdan foydalanish maqsadida saylovga keldik. Ko‘pchiligimiz birinchi marta saylovda ishtirok etdik, – dedi Inxa universiteti talabasi Bekzod Muhammadaliyev. – Universitetimiz hududida biz talabalar uchun o‘zimiz tanlagan munosib nomzodga ovoz berish uchun yaratilgan sharoitdan xursand bo‘ldik. Shu bois nomzodlar va ularning saylovoldi dasturlari bilan to‘liq tanishgan holda o‘zim munosib deb bilgan nomzodga ovoz berdim. Bizning ovozimiz kelajagimiz uchun muhim ekanligiga ishonamiz.

Qirg‘izistonda muddatidan oldin ovoz berish jarayoni

Jalolobod shahrida joylashgan Jalolobod davlat universitetining tibbiyot fakulteti binosida Qirg‘izistonning janubiy mintaqalarida yashayotgan vatandoshlarimiz O‘zbekiston Prezidenti saylovida muddatidan oldin ovoz berish imkoniyatidan foydalandi.

Saylov jarayoni O‘zbekiston saylov qonunchiligi talablariga muvofiq, pandemiya cheklovlari va sanitariya tartiblariga to‘liq rioya qilingan holda o‘tkazilmoqda. Tezkor axborotga ko‘ra, soat 11:00 holatiga ko‘ra, jami 280 nafarga yaqin yurtdoshimiz o‘zi tanlagan nomzod uchun ovoz berdi.

- Men Jalolobod davlat universiteti tibbiyot fakultetining 2-kurs talabasiman. Bu yil birinchi marotaba saylovda ishtirok etdim, - dedi Bobur Egamberdiyev. - Muddatidan oldin ovoz berishimiz uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Men barcha nomzodlarlarning saylovoldi dasturlari bilan tanishib chiqdim va o‘zim ma’qul topgan nomzodga ovoz berdim. Saylov jarayoni shaffoflik va adolatli tarzda o‘tmoqda. Har kim o‘zi tanlagan nomzodiga ovoz bermoqda.

Mazkur universitetning 2-bosqich talabasi Dinara Jamolova ham ilk marta saylovda ishtirok etdi. Dinara o‘z taassurotlari haqida so‘zlab berdi.

- Yurtdan olisda bo‘lishimizga qaramasdan biz talabalarga ovoz berishimiz uchun barcha sharoitlar yaratilgani juda xursand qildi, - dedi u. - Men ovoz bergan nomzod saylangan taqdirda yoshlarga keng imkoniyatlar yaratib berishiga ishonaman. Biz, yoshlar esa ushbu imkoniyatlardan o‘zimiz va yurtimiz kelajagi uchun oqilona foydalanamiz.

Italiyada yashayotgan yurtdoshlarimiz o‘zlari tanlagan nomzodga muddatidan oldin ovoz berish imkoniyatidan foydalanmoqda

Mamlakatimizning Italiyadagi elchixonasi huzurida tashkil etilgan 16-saylov uchastkasida O‘zbekiston Prezidenti saylovida muddatidan oldin ovoz berish jarayonlari bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekistonlik talabalarning aksariyat qismi Turin shahrida joylashgan oliy o‘quv yurtlarida ta’lim olishini inobatga olib, ularga qulay shart-sharoit yaratish maqsadida elchixona tomonidan mazkur shaharda ham muddatidan oldin ovoz berish nuqtasi tashkil etildi. 

Ovoz berish O‘zbekiston Konstitusiyasi, yangi qabul qilingan Saylov kodeksi, milliy saylov qonunchiligiga kiritilgan o‘zgartishlar hamda Italiyada COVID 19 pandemiyasi munosabati bilan qabul qilingan talablarga rioya qilingan holda o‘tkazildi.

16-uchastka saylov komissiyasi tomonidan joriy yil 16 oktyabrь kuni Italiyaning Florensiya shahrida va Gresiyaning Afina shahrida, 20 oktyabrь kuni esa Maltaning Birkirkara shahrida muddatidan oldin ovoz berish nuqtalari tashkil etiladi.