
20-oktabr kuni Markaziy saylov komisiyasi Raisi Zayniddin Nizamxodjayevning Turkiya Oliy saylov kengashi raisi Muxarrem Akkaya va Oliy saylov kengashi a’zosi Kurshat Xamurju bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Markaziy saylov komissiyasi raisi Z.Nizamxodjayev mehmonlarni mamlakatimiz milliy saylov tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar bilan tanishtirib, saylov O‘zbekiston Respublikasi Konstitusiyasi hamda Saylov kodeksiga muvofiq ochiq va oshkora o‘tkazilayotganini ta’kidladi.
Qayd etilganidek, xorijda yashayotgan saylovchilarimizning ham saylov huquqlarini ta’minlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Shu maqsadda, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi uchun elchixonalar va konsullik idoralari huzurida 37 ta davlatda 54 ta saylov uchastkasi tashkil etildi. Shu jumladan, O‘zbekiston Respublikasining Anqara shahridagi Elchixonasida 43-tartib raqamli saylov uchastkasi va Istanbul shahridagi Bosh konsulxonasida 44-tartib raqamli saylov uchastkasi joylashgan.
Shu bilan birga, joriy saylovlar koronavirus pandemiyasi davrida o‘tkazilayotganini hisobga olib, karantin qoidalariga rioya qilish talablaridan kelib chiqib saylov komissiyalari a’zolari, kuzatuvchilar, saylovchilar orasida kasallik tarqalishini oldini olish bo‘yicha maxsus yo‘riqnoma ishlab chiqildi. Barcha saylov uchastkalarida, yashirin ovoz berish xonalarida, saylov jarayonining barcha ishtirokchilari tibbiy himoya vositalaridan foydalanishlari shartligi belgilandi.
Turkiya Oliy saylov kengashi raisi Muxarrem Akkaya O‘zbekistonda milliy saylov qonunchiligi va amaliyotini takomillashtirish borasida amalga oshirilayotgan izchil islohotlarga yuqori baho berdi, shuningdek Markaziy saylov komissiyasiga saylovlarni o‘tkazishda muvaffaqiyatlar tiladi.
Markaziy saylov komissiyasi
Matbuot xizmati