• eye Maxsus imkoniyatlar
MSK Raisi Z.Nizamxodjayev: O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti davriylik prinsipi asosida saylandi
06.11.2021
1742
Bugun, 6-noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senatining O‘zbekiston Respublikasi saylangan Prezidentining lavozimiga kirishishiga bag‘ishlangan qo‘shma majlisida prezidentning inaugurasiya marosimi bo‘lib o‘tdi.

Majlisni Markaziy Saylov komissiyasi raisi Z.Nizamxodjayev ochib berar ekan, u o‘z so‘zida mamlakatimiz Konstitusiyasi va Saylov kodeksiga, shu yil fevral oyida kiritilgan o‘zgartishlarga binoan, ilk bor oktyabr oyida o‘tkazilgan saylovda, konstitusiyaviy normalar va xalqaro saylov standartlariga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti davriylik prinsipi asosida saylanganligini qayd etib o‘tdi.

Ta’kidlanganidek, saylov jarayonida dunyoning ellikka yaqin davlatidan, va yigirmaga yaqin xalqaro tashkilotdan, qariyb ming nafar kuzatuvchi qatnashdi.

Siyosiy partiyalar va mahallalardan 64 ming 450 nafar mahalliy kuzatuvchilar ishtirok etdi.

Bu muhim siyosiy jarayonni, mamlakatimiz va xorijiy davlatlar ommaviy axborot vositalari, internet nashrlarining 1 ming 672 nafar vakillari keng va faol yoritib, saylovning ochiqligi va oshkoraligini ta’minlashga, katta hissa qo‘shdi.

Saylovda ro‘yxatga olingan 20 milliondan ortiq saylovchidan 16 milliondan ziyodi, yoki 80,4 foizi, o‘z xohish-irodasini emin-erkin ifoda etib, ovoz berdi.

Saylov yakunlari bo‘yicha, saylovchilarning 80,12 foiz ovozi bilan Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan nomzod Shavkat Miromonovich Mirziyoyev O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti etib saylandi.

Markaziy saylov komissiyasi 2021-yil 29-oktabr kuni bo‘lib o‘tgan majlisida, saylov natijalarini ko‘rib chiqib, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti lavozimiga hurmatli Shavkat Miromonovich Mirziyoyev saylangani to‘g‘risida qaror qabul qildi.

Marosim davomida Komissiya raisi Shavkat Miromonovich Mirziyoyevni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti etib saylangani bilan, barchani nomidan samimiy muborakbod etdi.

Shundan so‘ng, Prezident Shavkat Miromonovichga O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining guvohnomasi topshirildi.

Qayd etish joiz, O‘zbekiston Respublikasi Konstitusiyasining 92-moddasiga va O‘zbekiston Respublikasi Saylov kodeksining 65-moddasiga asosan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Oliy Majlis palatalarining qo‘shma yig‘ilishida Qasamyod qabul qilishi belgilab qo‘yilgan.

Shu munosabat bilan, O‘zbekiston Respublikasining yangidan saylangan Prezidenti Shavkat Miromonovich Mirziyoyev quyidagicha qasamyod qabul qildi:

“O‘zbekiston xalqiga sadoqat bilan xizmat qilishga, respublikaning Konstitusiyasi va qonunlariga qat’iy rioya etishga, fuqarolarning huquqlari va erkinliklariga kafolat berishga, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti zimmasiga yuklatilgan vazifalarni vijdonan bajarishga tantanali qasamyod qilaman”.

Shavkat Mirziyoyev:

“Asosiy qomusimiz kafili sifatida Konstitusiya va qonunlarimiz talablarini so‘zsiz bajarish, “Inson qadri uchun” degan ustuvor tamoyilni to‘la ro‘yobga chiqarish, bundan buyon ham faoliyatimning bosh mezoni bo‘lib qoladi.

Albatta, inson qadri biz uchun qandaydir mavhum, balandparvoz tushuncha emas. Inson qadri deganda, biz, avvalo, har bir fuqaroning tinch va xavfsiz hayot kechirishini, uning fundamental huquq va erkinliklarini ta’minlashni nazarda tutamiz.

Inson qadri deganda, biz har bir fuqaro uchun munosib turmush sharoiti va zamonaviy infratuzilma tashkil etishni, malakali tibbiy xizmat ko‘rsatish, sifatli ta’lim, ijtimoiy himoya tizimi, sog‘lom ekologik muhit yaratib berishni tushunamiz”.