O‘zbekiston Respublikasi Konstitusiyasining 5-moddasida O‘zbekiston Respublikasi qonun bilan tasdiqlanadigan o‘z davlat ramzlari — bayrog‘i, gerbi va madhiyasiga ega deb belgilab qo‘yilgan.
“O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayrog‘i to‘g‘risida”gi qonun 1991-yil 18-noyabrda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining navbatdan tashqari O‘tkazilgan VII sessiyasida qabul qilingan.
O‘zbekiston Respublikasining Davlat bayrog‘i O‘zbekiston Respublikasi davlat suverenitetining ramzi hisoblanadi va xalqaro munosabatlarda O‘zbekiston Respublikasining timsoli bo‘ladi.
O‘zbekiston Respublikasining Davlat bayrog‘i — bayroqning butun uzunligi bo‘ylab o‘tgan to‘q moviy rang, oq rang va to‘q yashil rangli uchta endan tarkib topgan to‘g‘ri to‘rtburchak shaklidagi matodan iborat.
Qonunga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayrog‘ining sxematik va rangli tasviri tasdiqlangan bo‘lib, unga ko‘ra O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayrog‘ining uzunligi 250 santimetrga, kengligi 125 santimetrga teng. Moviy rang, oq rang va yashil rangli enlarning kengligi bir xil. Har bir en 40 santimetrga tengdir. O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayrog‘ining o‘rtasidagi oq rangli enning chetlaridan kengligi 2,5 santimetrga teng qizil hoshiyalar o‘tkazilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayrog‘ining yuqori qismidagi moviy rangli enning yuz tomoni va orqa tomonida dastaga yaqin joyida oq rangli yangi oy va uning yonida o‘n ikkita oq rangdagi besh qirrali yulduz tasvirlangan.
Oq rangli yangi oy va o‘n ikkita oq rangli besh qirrali yulduzning tasviri moviy rangli yuqori enning o‘rtasidan 75x30 santimetrga teng to‘g‘ri to‘rtburchakka sig‘adigan qilib joylashtirilgan. Oq rangli yangi oy vertikal holatda do‘ng tomoni dastaga qaratilgan, dastadan 20 santimetr masofada joylashtirilgan bo‘lib, diametri 30 santimetrli doiraga sig‘adi. O‘n ikkita oq rangli besh qirrali yulduz diametri 6 santimetrli doiraga sig‘adi. Doiralar orasidagi masofa 6 santimetr. Yulduzlar uzunasiga va tikkasiga quyidagi tartibda joylashadi: yuqori qatorda uchta, o‘rta qatorda to‘rtta va quyi qatorda beshta yulduz. Quyi qatordagi yulduzlar yangi oyning pastki uchidan 3,5 santimetr masofada joylashadi.
Bayroqdagi moviy rang tiriklik mazmuni aks etgan mangu osmon va obihayot ramzi. Timsollar tilida bu – yaxshilikni, donishmandlikni, halollikni, shon-shuhrat va sadoqatni bildiradi. Binobarin, Amir Temur davlati bayrog‘ining rangi ham moviy rangda edi.
Bayroqdagi oq rang – muqaddas tinchlik ramzi bo‘lib, u kun charog‘onligi va koinot yoritqichlari bilan uyg‘unlashib ketadi. Oq rang – poklik, beg‘uborlik, soflikni, orzu va hayollar tozaligi, ichki go‘zallikka intilishning timsoli.
Yashil rang – tabiatning yangilanish ramzi. U ko‘pgina xalqlarda navqironlik, umid va shodumonlik timsoli hisoblanadi.
Qizil chiziqlar – vujudimizda jo‘shib oqayotgan hayotiy qudrat irmoqlarini anglatadi. Navqiron yarim oy tasviri bizning tarixiy an’analarimiz bilan bog‘liq. Ayni paytda u qo‘lga kiritilgan mustaqilligimiz ramzi ham. Yulduzlar barcha uchun ilohiy timsol sanalgan. O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayrog‘idagi 12 yulduz tasviri ham tarixiy an’analarimiz, qadimgi yilnomamizga bevosita aloqador. O‘n ikki yulduzga bo‘lgan e’tibor O‘zbekiston sarhadidagi qadimgi davlatlar ilmiy tafakkurida nujum ilmi taraqqiy etganligi bilan ham izohlanadi. Davlat bayrog‘imizdagi 12 yulduz tasvirini o‘zbek xalqi madaniyatining qadimiyligi, uning komillikka, o‘z tuprog‘ida saodatga intilishi ramzi sifatida tushunish lozim.
Qonunga muvofiq O‘zbekiston Respublikasining Davlat bayrog‘i qanday organlari binolarida, majlislar zallari va qanday boshqaruv organlari rahbarlari xonalariga joylashtirilishi haqida aniq belgilab qo‘yilgan.
Bugun milliy bayrog‘imiz davlat idora va muassasalari, o‘quv yurtlari, O‘zbekiston a’zo bo‘lgan xalqaro tashkilotlar, chet ellardagi elchixona va doimiy vakolatxonalarimiz peshtoqida hilpirab turibdi.
O‘zbekiston Respublikasi davlat bayrog‘i qonunda belgilanganidek, bayram kunlarida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashining, viloyatlar, tumanlar va shaharlar hokimlarining qarorlari bilan belgilangan markaziy ko‘chalarda, maydonlarda, boshqa jamoat joylarida va ob’yektlarda soat 6 da ko‘tariladi va soat 22 da tushirib qo‘yiladi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari, Senati a’zolari, xalq deputatlari Kengashlarining deputatlari saylovi yoki referendum kunlarida—ovoz berish o‘tkazilayotgan binolar va xonalarda ovoz berish yoki referendum o‘tkazish davrida ko‘tarib qo‘yiladi.
O‘zbekiston Respublikasining diplomatik vakolatxonalari, konsullik muassasalari, shuningdek xalqaro tashkilotlar huzuridagi vakolatxonalari binolarida yoki hududlarida va transport vositalarida — xalqaro huquq normalariga, diplomatik protokol qoidalariga hamda vakolatxonalar va muassasalar joylashgan davlatning qonunchiligiga muvofiq joylashtiriladi.
Xorijiy davlatlar davlat va hukumat boshliqlarining, boshqa rasmiy delegasiyalarning xalqaro huquq normalariga, diplomatik protokol qoidalariga, shuningdek O‘zbekiston Respublikasida bo‘lishining tasdiqlangan dasturiga muvofiq transport vositalarida, vokzallarda, aeroportlarda, yurish yo‘nalishi bo‘yicha va boshqa tashrif ob’yektlarida rasmiy delegasiyalarning tashrif buyurishidan 24 soat oldin ko‘tariladi va ular jo‘nab ketganidan keyin 24 soat mobaynida tushirib qo‘yiladi.
Rasmiy shaxslar sifatida O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Spikeri, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Raisi, O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri, O‘zbekiston Respublikasining boshqa rasmiy delegasiyalari rahbarlari, O‘zbekiston Respublikasining diplomatik vakolatxonalari, konsullik muassasalari, shuningdek xalqaro tashkilotlar huzuridagi vakolatxonalari boshliqlari tushgan chet eldagi dengiz va daryo kemalarida, boshqa transport vositalarida ham ko‘tariladi.
O‘zbekiston Respublikasi kemalar qatnovi inspeksiyasining kemalar reyestrida ro‘yxatga olingan dengiz va daryo kemalarida, O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining harbiy birlashmalarida, qo‘shilmalarida va qismlarida, shuningdek boshqa harbiy tuzilmalarida—O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining umumharbiy ustavlariga muvofiq, doimiy ravishda O‘zbekiston Respublikasining Davlat chegarasidan o‘tish punktlarida, sport maydonlarida—O‘zbekiston Respublikasi chempionatlarini, milliy terma komandalar ishtirokida xalqaro sport musobaqalarini o‘tkazish vaqtida hamda xalqaro sport musobaqalarining O‘zbekiston Respublikasi sport terma komandalarining vakillari bo‘lgan g‘oliblarini mukofotlash marosimlarini o‘tkazish vaqtida ko‘tariladi.
Ayniqsa Olimpiya musobaqalari, jahon chempionatlarida yurtdoshlarimizning g‘alaba shohsupasiga ko‘tarilganida davlatimiz bayrog‘i ko‘tarilib madhiyamiz yangraganda har birimizda sevinch, quvonch, faxr va iftixor tuyg‘usi jo‘sh uradi. Bu mustaqil O‘zbekistonning timsoli ekanligi ana shunday pallada qalbimizdan yana ham chuqur o‘rin egallaydi.
O‘zbekiston Respublikasining Davlat bayrog‘i unga nisbatan lozim darajadagi hurmat ta’minlangan holda umummilliy bayramlar va tantanali tadbirlar vaqtida ko‘tarilishi mumkin.
O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayrog‘ining tasviri tushirilgan belgilar O‘zbekiston Respublikasi Fuqaro havo kemalari davlat reyestri yoki O‘zbekiston Respublikasi Davlat havo kemalari reyestriga kiritilgan havo kemalariga, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi Aviasiya ma’muriyati hisobida turuvchi eksperimental havo kemalariga, qonunchilikda belgilangan hollarda avtomototransport vositalari va ular tirkamalarining davlat ro‘yxatidan o‘tkazish raqam belgilariga, O‘zbekiston Respublikasining asosiy chegara belgisiga qo‘yiladi.
O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayrog‘ining tasviri tushirilgan belgilardan O‘zbekiston Respublikasiga tegishlilikni belgilash maqsadida predmetlarda, o‘quv-tarbiya jarayonida, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi davlat mukofotlarining elementi sifatida foydalanilishi mumkin.
Qonunga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayrog‘ining elementlarini nodavlat tashkilotlari hujjatlarining rekvizitlari yoki reklama materiallariga kiritilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayrog‘ining tasviri tushirilgan belgilardan ishlab chiqarilayotgan yoki realizasiya qilinayotgan tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) o‘tkazish uchun tijorat maqsadlarida foydalanish mumkin emas. Nodavlat notijorat tashkilotlarining ramzlari O‘zbekiston Respublikasining Davlat bayrog‘iga o‘xshash bo‘lishi mumkin emas.
O‘zbekiston Respublikasining Davlat bayrog‘i bilan bir vaqtda xorijiy davlatlar va (yoki) xalqaro tashkilotlar bayroqlari ko‘tarilganda O‘zbekiston Respublikasining Davlat bayrog‘i xalqaro huquq normalariga va diplomatik protokol qoidalariga muvofiq ko‘tariladi.
O‘zbekiston Respublikasining Davlat bayrog‘i binolarning asosiy kirish joyida yoki buning uchun maqbul bo‘lgan boshqa joyda, yoxud tegishli tutqichi bo‘lgan dastada, yo bo‘lmasa flagshtokda bayroqning dastasi binoning old tomoni bilan ko‘pi bilan 45 gradusli burchak hosil qiladigan tarzda ko‘tariladi. Ko‘tarib qo‘yilgan O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayrog‘ining matosi yer sathidan kamida 2,5 metr balandlikda bo‘lishi kerak.
O‘zbekiston Respublikasining davlat bayrog‘i va uning tasviri katta-kichikligidan qat’iy nazar, hamma vaqt ushbu Qonunga ilova qilinayotgan rangli va sxematik tasviriga aniq mos bo‘lishi kerak. O‘zbekiston Respublikasining Davlat bayrog‘ini tayyorlash, saqlash va yo‘q qilish tartibi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
O‘zbekiston Respublikasi davlat bayrog‘i to‘g‘risidagi Qonunning O‘zbekiston Respublikasi diplomatik vakolatxonalari, konsullik muassasalari, shuningdek xalqaro tashkilotlar huzuridagi vakolatxonalari tomonidan ijro etilishi ustidan nazorat O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi, boshqa davlat organlari va boshqa tashkilotlar tomonidan ijro etilishi ustidan nazorat esa ichki ishlar organlari tomonidan amalga oshiriladi.
O‘zbekiston Respublikasining fuqarolari, shuningdek O‘zbekistonda turgan boshqa shaxslar O‘zbekiston Respublikasining Davlat bayrog‘ini hurmat qilishlari shart. O‘zbekiston Respublikasining Davlat bayrog‘i to‘g‘risidagi qonunchiligini buzganlikda aybdor shaxslar belgilangan tartibda javobgar bo‘ladi.
Yurtimiz bayrog‘i bundan buyon ham jahon mamlakatlari va xalqaro tashkilotlar binolarida baland hilpirayversin.
Tinch va osoyishta, ozod hamda erkin hayotimiz, yorug‘ kelajagimizga bo‘lgan ishonchimiz timsoli bo‘lgan bayrog‘imiz doim yuksak o‘rinda bo‘lsin.
Yunusov Bahodirjon
O‘zbekiston Respublikasi
Markaziy saylov komissiyasi a’zosi