Mazkur konsepsiya asosida Davlat boshqaruvi akademiyasi va Toshkent davlat yuridik universiteti professor-o‘qituvchilaridan iborat malakali ekspertlar tomonidan maxsus o‘quv dasturlari va o‘quv-uslubiy materiallar ishlab chiqildi hamda butun respublikamiz bo‘ylab tajribali ekspertlar ishtirokida keng ko‘lamli seminar-trening mashg‘ulotlari o‘tkazildi.
O‘quvlar davomida “Bir saylovchi – bir ovoz” tamoyiliga qat’iy amal qilish, saylovchi shaxsan o‘zi ovoz berishining ahamiyatini keng tushuntirish, shuningdek, saylovchilar ro‘yxati bilan ishlash, saylovchilarning yagona elektron ro‘yxati va saylov jarayonini boshqarish axborot tizimidan foydalanish tartibi kabi muhim mavzular qamrab olindi.
Quvonarlisi, mazkur yondashuv saylovni kuzatishda ishtirok etgan nufuzli xalqaro tashkilotlar, jumladan, Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotning Parlament Assambleyasi hamda Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi, Shanxay Hamkorlik Tashkiloti, Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi va MDH Parlamentlararo Assambleyasi, Turkiy tilliy davlatlar Hamkorlik Kengashi, Turkiy Kengash Parlament Assambleyasi hamda Islom Hamkorlik Tashkiloti hamda xorijiy ommaviy axborot vositalari tomonidan alohida qayd etildi.
Shularni inobatga olgan xolda, Markaziy saylov komissiyasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jukorgi Kengesi, Toshkent shahar va viloyatlarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazishda faol ishtirok etgan va o‘ziga yuklatilgan vazifalarga mas’uliyat bilan yondoshib, vijdonan bajargan hududiy trenerlar – oliy o‘quv yurtlari professor-o‘qituvchilarini saylov jarayonidagi mehnatini alohida e’tirof etib, ularni rag‘batlantirishni maqsad qilgan.
Ayni kunlarda respublikamizning qator hududlarida ushbu maqsadni amalga oshirishga qaratilgan tadbirlar bo‘lib o‘tdi.
Bugun, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruv akademiyasida Toshkent shahrining 147 nafar malakali trenerlariga Markaziy saylov komissiyasining faxriy yorlig‘i topshirildi.
Tadbirda ishtirok etgan MSK Raisi o‘rinbosari B.Kuchkarov so‘zga chiqib O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik ko‘rish va uni milliy saylov qonunchiligimiz hamda umume’tirof etilgan xalqaro standartlarga mos, yuksak tashkiliy darajada o‘tkazishga o‘zining munosib hissasini qo‘shgan barcha trenerlar – oliy o‘quv yurtlari professor-o‘qituvchilariga minnatdorchilik bildirdi.
Markaziy saylov komissiyasi
Matbuot xizmati