Mazkur talabga muvofiq, mamlakatimizda bo‘lib o‘tgan turli darajadagi saylovlarda uchastka saylov komissiyasi raisi va kotibi tomonidan imzolangan hamda uchastka saylov komissiyasi muhri bilan tasdiqlangan saylovchilar ro‘yxatlari hamma tanishib chiqishi uchun, uchastka saylov komissiyasi binosida joylashgan stendlarga osib qo‘yilgan. O‘z navbatida saylovchilar saylovga qadar yoki saylov kunida saylov uchastkasiga tashrib buyurib, o‘zlari haqidagi ma’lumotlarning to‘g‘riligi va ushbu saylov uchastkasida ovoz berishlari haqida ma’lumotga ega bo‘lganlar.
2021-yil 24-oktabr kuni bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini kuzatgan ayrim xalqaro kuzatuvchilar saylovchilarning shaxsiy ma’lumotlari, ya’ni familiyasi, ismi va otasining ismidan tashqari uning tug‘ilgan sanasi va yashash manzili ham ko‘rsatilgan ro‘yxatining saylov uchastkasida osib qo‘yilishi ularning xavfsizligiga tahdid solishi va ushbu ma’lumotlardan jinoiy maqsadlarda foydalanishga olib kelishi mumkin degan fikr va tavsiyalarni bildirgan.
Yuqoridagilarni inobatga olgan xolda Markaziy saylov komissiyasi Adliya vazirligi, Davlat personallashtirish markazi hamda boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan O‘zbekiston Respublikasi saylov qonunchiligini yanada takomillashtirish va fuqarolarning shaxsga doir ma’lumotlari himoyasini ta’minlash uchun tegishli qonun loyihasini ishlab chiqish maqsadida ishchi guruhi tuzib, ish olib bormoqda.
24-yanvar kuni Markaziy saylov komissiyasida saylov qonunchiligi va shaxsga doir ma’lumotlarni himoya qilish jarayonlarini takomillashtirish yuzasidan tuzilgan ishchi guruhining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilishda, rivojlangan huquqiy demokratik davlatlar saylov qonunchiligiga asoslangan holda O‘zbekiston Respublikasi Saylov kodeksining 28-moddasini – “Saylovchilarning dastlabki ro‘yxatidan saylov komissiyalari mazkur uchastka hududida yashovchi aholini uyma-uy aylanib chiqish yo‘li bilan aniqlashtirish uchun foydalanadi. Ushbu ro‘yxatni rasmga olish, video tasvirga tushurish yoki boshqa yo‘llar bilan ko‘paytirish va tarqatish, shu jumladan internet tarmog‘i va ijtimoiy tarmoqlarga barcha tanishishi mumkin tarzda, ochiq joylashtirish taqiqlanadi” degan norma bilan to‘ldirish, shuningdek, Saylov kodeksining 29-moddasini “Uchastka saylov komissiyasi binosida saylovchilar ro‘yxati hamma tanishib chiqishi uchun qulay bo‘lgan stendlarga osib qo‘yiladi. Bunday ro‘yxatda saylovchilarning yashash joyi manzili ko‘rsatilmaydi” degan norma bilan to‘ldirish taklif etildi”.
Tadbir ishtirokchilari bildirilgan taklif va tavsiyalarni O‘zbekiston Respublikasining “Shaxsga doir ma’lumotlar to‘g‘risida”gi qonuni va xorijiy davlatlar saylov qonunchiligi va amaliyotiga muvofiqligi yuzasidan asoslantirilgan qo‘shimcha takliflar tayyorlash va kelgusi yig‘ilishda atroflicha muhokama qilishga kelishib oldilar.
Mazkur hujjat loyihasi shaxsga doir ma’lumotlarning havfsizligini ta’minlash bilan birga saylovchilar ro‘yxatini shakllantirishdagi mavjud muammolarga aniq yechimlarni ilgari surishi lozim.
Markaziy saylov komissiyasi
Matbuot xizmati