• eye Maxsus imkoniyatlar
YXHTning insoniy oʻlchovlar boʻyicha majburiyatlari yuzasidan muhokama boʻlib oʻtmoqda
26.09.2022
948
Joriy yilning 26-sentabr kuni Varshavada YXHT mintaqasida inson huquqlari va asosiy erkinliklari holatini muhokama qilishga bagʻishlangan insoniy oʻlchovlar boʻyicha konferensiya oʻz ishini boshladi.

Varshava konferensiyasi YXHTning joriy Polsha raisligida YXHT Demokratik institutlar va inson huquqlari boʻyicha byurosi (DIIHB) koʻmagida tashkil etiladi.

Ikki haftalik yalpi sessiyalar davomida ishtirokchilar YXHTning insoniy oʻlchov boʻyicha barcha majburiyatlarini: demokratik institutlar, qonun ustuvorligi, bagʻrikenglik va kamsitilmaslik, asosiy erkinliklar va gumanitar masalalarni muhokama qilish imkoniga ega boʻladilar.

Oʻzbekiston Respublikasi delegatsiyasi tarkibidan Tashqi ishlar vazirligi, Inson huquqlari boʻyicha Milliy markaz, Markaziy saylov komissiyasi, Oliy sud, Advokatlar palatasi va boshqa tashkilotlar vakillari bor. Markaziy saylov komissiyasidan komissiyaning doimiy aʼzosi G. Raximova ishtirok etmoqda.

Varshava konferensiyasining ochilish marosimida Polsha tashqi ishlar vaziri Zbignev Rau, YXHT DIIHB direktori Matteo Mekachchi, YXHT Bosh kotibi Helga Mariya Shmid va Estoniya Respublikasining sobiq prezidenti Tomas Xendrik Ilves soʻzga chiqdilar.

Konferensiya ochilishida YXHTga aʼzo davlatlarning 30 ga yaqin delegatsiyasining nutqi doirasida Oʻzbekiston delegatsiyasi nomidan Oʻzbekiston Respublikasining Polshadagi favqulodda va muxtor elchisi Bahrom Boboyev soʻzga chiqdi.

Konferensiya davomida Oʻzbekiston delegatsiyasi yigʻilish ishtirokchilariga Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tashabbusi bilan “Yangi Oʻzbekiston” shiori ostida ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy-huquqiy sohalardagi islohotlar strategiyasini amalga oshirish boʻyicha amaliy chora-tadbirlar sharhini taqdim etish niyatida.