• eye Maxsus imkoniyatlar
OʻZBEKISTON MARKAZIY SAYLOV KOMISSIYASINING MDH DAVLATLARI SAYLOV ORGANLARI RAHBARLARINING MASLAHAT KENGASHINI TUZISH BOʻYICHA TASHABBUSI QOʻLLAB-QUVVATLANDI
17.10.2022
1459
Bugun, 2022-yil 14-oktabr kuni Ostona shahrida (Qozogʻiston Respublikasi) Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi Davlat rahbarlari kengashining majlisida MDHga ishtirokchi davlatlari Saylov organlari rahbarlarining maslahat kengashini tashkil etish toʻgʻrisidagi bitim imzolandi.

MDH doirasida maslahat organini tashkil etish tashabbusi MDHga aʼzo davlatlar saylov organlari oʻrtasidagi hamkorlikni taʼminlash maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi tomonidan ilgari surilgan. Maslahat Kengashi MDHga ishtirokchi davlatlarining qonunchiligi va xalqaro majburiyatlari doirasida saylov va referendum oʻtkazish tajribasini hisobga olgan holda, ularda saylov jarayonini takomillashtirishga koʻmaklashish maqsadida tashkil etilmoqda.

MDH davlatlarining markaziy saylov komissiyalari rahbarlaridan iborat boʻlgan Maslahat kengashi oʻz faoliyati davomida MDH ishtirokchi davlatlarning saylov organlari oʻrtasida saylov sohasidagi hamkorligini rivojlantirish, siyosiy jarayonlarni takomillashtirish, fuqarolarning saylov huquqlari va erkinliklarini taʼminlash va himoya qilish, demokratik saylovlarni tashkil etish va oʻtkazish boʻyicha tavsiyalar ishlab chiqishga koʻmaklashadi.

Markaziy saylov komissiyasi