• eye Maxsus imkoniyatlar
BUTUNJAHON SAYLOV ORGANLARI ASSOTSIATSIYASINING BESHINCHI BOSH ASSAMBLEYASI
18.10.2022
1336

2022-yil 18-oktyabrda Keyptaun shahrida (Janubiy Afrika Respublikasi) Butunjahon saylov organlari assotsiatsiyasining (BSOA) beshinchi Bosh Assambleyasi oʻz ishini boshladi. Bosh Assambleya ishida Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi raisi Z.Nizomxodjayev boshchiligidagi delegatsiya ishtirok etmoqda.

Dunyo boʻylab saylov organlarining eng yirik assotsiatsiyasi hisoblangan BSOA 2013-yil oktyabr oyida tashkil etilgan. Hozirda BSOA 109 mamlakatdagi 119 ta saylov organini birlashtiradi.

BSOA faoliyati saylovlar sohasi boʻyicha tajriba almashish va demokratik saylovlarni oʻtkazish boʻyicha xalqaro hamkorlikni rivojlantirishga, ishtirokchi mamlakatlar saylov organlarini qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan.

Oʻzbekiston 2013-yildan beri BSOAning aʼzosi hisoblanadi. Shu nuqtayi nazardan, Oʻzbekiston bilan Assotsiatsiya oʻrtasida samarali hamkorlik yoʻlga qoʻyilganini alohida taʼkidlash lozim.

2016-yil 2-fevralda MSK va BSOA oʻrtasida hamkorlik toʻgʻrisidagi memorandum imzolandi, 2017-yil oktyabr oyida esa MSK Assotsiatsiyaning Ijroiya kengashiga aʼzo boʻldi.

BSOA vakillari mamlakatimizda boʻlib oʻtadigan prezident va parlament saylovlarni kuzatishda muntazam ishtirok etib kelmoqda. Shuningdek, 2018-yilning noyabr oyida BSOA delegatsiyasi Saylov kodeksini ishlab chiqish munosabati bilan Markaziy saylov komissiyasi tomonidan tashkil etilgan “Saylov qonunchiligini takomillashtirish va demokratik saylovlar: Oʻzbekiston tajribasi va xalqaro amaliyot” mavzusidagi xalqaro konferensiyada ishtirok etdi.

Oʻz navbatida Oʻzbekiston delegatsiyalari Assotsiatsiya Bosh Assambleyasi va Ijroiya kengashi majlislari ishida, BSOAning saylov jarayonida salohiyatni oshirish boʻyicha oʻquv dasturlarida, shuningdek, Assotsiatsiyaga aʼzo mamlakatlarning saylov jarayonlarida kuzatuvchilar missiyalari tarkibida ishtirok etib bormoqda.

Bugun, 18-oktyabr kuni BSOA Ijroiya kengashining navbatdan tashqari yigʻilishi boʻlib oʻtdi. Unda Janubiy Afrika Respublikasi saylov organi aʼzosi va Hindiston saylov organi raisi yigʻilish ishtirokchilarini qutlab murojaat qildi. Yigʻilish davomida Bosh assambleyada koʻrib chiqish uchun BSOA Bosh kotibiligiga nomzodlarga ovoz berish jarayoni boʻlib oʻtdi. Shuningdek, Lesoto davlatini Assotsiatsiya aʼzoligiga qabul qilish, Nazorat va taftish qoʻmitasi aʼzolarini tayinlash, beshinchi Bosh Assambleyaning kun tartibini muhokama qilish kabi masalalar koʻrib chiqildi.

BSOAning beshinchi Bosh Assambleyasi dasturiga muvofiq joriy yilning 19-oktyabrida Bosh Assambleya yigʻilishi boʻlib oʻtishi koʻzda tutilgan. Shuningdek, 20-oktyabr kuni Bosh Assambleya doirasida “Demokratik tanazzul davrida saylov organlarini himoya qilish” mavzusidagi xalqaro konferensiya boʻlib oʻtadi.